Narkologiya sohasini tubdan yangilashga qaratilgan maxsus dastur ishlab chiqiladi
Saida Mirziyoyeva Qashqadaryo viloyati narkologiya muassasasi faoliyati bilan tanishdi.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qashqadaryo viloyati narkologiya muassasasi faoliyati bilan tanishdi.


"U yerga sohadagi ahvolni boricha koʻrish, oʻzgarishlarni eng murakkab joydan boshlash uchun bordik. Munosib sharoit va malakali yordam bilan birga samimiy eʼtibor ham bemorga kuch beradi. Baʼzan bir ogʻiz dalda kishida ishonch va umid uygʻotadi. Hech kim yordam soʻrashdan choʻchimasligi, dardi bilan yolgʻiz qolmasligi kerak", deydi Mirziyoyeva.

Aytilishicha, kasallikning oldini olish, davolash va reabilitatsiyani qamrab olgan, turli soha mutaxassislari bir jamoa boʻlib ishlaydigan tizim yaratishni maqsad qilingan.
Mahalliy va xalqaro ekspertlar bilan birgalikda sohani tubdan yangilashga qaratilgan maxsus dastur ishlab chiqiladi. Bunda inson, uning qadri va sogʻlom hayotga qaytishiga koʻmaklashish eʼtibor markazida turadi.





