Buxoroda 1,7 million aholining suv taʼminoti yaxshilanadi
Samarqand – Buxoro yoʻnalishida sement-beton qoplamali zamonaviy pulli avtomobil yoʻlini qurish rejalashtirilgan. Bu yoʻl ikki shahar oʻrtasidagi safar vaqtini hozirgi besh soatdan bir yarim soatgacha qisqartirish imkonini berishi kutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida hudud iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
– Buxoro iqtisodiyotiga, odamlarning kundalik hayotiga ijobiy oʻzgarishlar olib kiradigan 30 milliard dollarlik yangi tashabbuslar bilan kelganmiz,– dedi davlatimiz rahbari.
Dastlab ichimlik suvi va oqova tarmoqlari taʼminotiga toʻxtalib oʻtildi. Bu sohada Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan 385 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda. Uning ikkinchi bosqichiga yana 248 million dollar jalb qilinadi.
Natijada viloyatning barcha tuman va shaharlarida 1,7 million aholining suv taʼminoti yaxshilanadi, 775 ming kishi kanalizatsiya tarmogʻiga ulanadi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrov hozirgi 80 foizdan 95 foizga yetkaziladi.
Prezidentimiz odamlar bu oʻzgarishlarni kutayotganini taʼkidlab, masʼullarga loyihalarni tezlashtirishni topshirdi.
Viloyatning transport aloqalarini yaxshilash boʻyicha ham yirik rejalar belgilangan. Joriy yilda Buxorodan oʻtuvchi A-380 avtomobili yoʻlini rekonstruksiya qilish yakunlanadi.
Kelasi yil M-37 yoʻlining viloyat hududidagi 69 kilometrini yangilash ishlari boshlanadi. Qiymati 200 million dollarlik ushbu loyiha doirasida Buxoro shahri atrofida 4,5 kilometrli aylanma yoʻl ham quriladi.
Samarqand – Buxoro yoʻnalishida sement-beton qoplamali zamonaviy pulli avtomobil yoʻlini qurish rejalashtirilgan. Bu yoʻl ikki shahar oʻrtasidagi safar vaqtini hozirgi besh soatdan bir yarim soatgacha qisqartirish imkonini berishi kutilmoqda. Shu yoʻnalishda tezyurar poyezd uchun yangi temir yoʻl liniyasi ham koʻzda tutilgan.
Prezidentimiz mutasaddilarga avtomobil va temir yoʻl loyihalarining master-rejalarini yakunlash, hamkorlar bilan muzokaralarni boshlash boʻyicha topshiriq berdi.





