Bogʻcha mudirasi oʻlimi ortidan Zarbdor tumani hokimi ishdan olindi
Hodisa yuzasidan tarqalgan maʼlumotlarda sobiq hokimning nomi ham tilga olingan, biroq uning voqeaga aloqadorligi haqida rasmiy xulosa eʼlon qilinmagan.

Jizzax viloyati Zarbdor tumani hokimi Bekzod Toshpoʻlatov bogʻcha mudirasi oʻldirilishi ortidan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda “Daryo” nashri oʻzi manbasiga asoslanib xabar berdi.
Manbalarga koʻra, Toshpoʻlatov 31 oktabr kuni vazifasidan ozod etilgan. Mazkur qaror tumandagi bogʻchalardan biri mudirasining oʻldirilishi ortidan qabul qilingan. Hodisa yuzasidan tarqalgan maʼlumotlarda sobiq hokimning nomi ham tilga olingan, biroq uning voqeaga aloqadorligi haqida rasmiy xulosa eʼlon qilinmagan.
Tuman hokimligi matbuot kotibi Oʻktam Sulaymonov hokimning ishdan olinganini tasdiqladi.
Tuman hokimi vazifasini vaqtincha bajarish hokimning qurilish, toʻsiqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Alisher Erjigitov zimmasiga yuklatilgan.
Bekzod Toshpoʻlatov 2025 yil 17 yanvardan buyon Zarbdor tumaniga rahbarlik qilayotgandi.





