Prezident Shavkat Mirziyoyevning Buxoroga tashrifi boshlandi
Tashrif Kogon tumanida joylashgan Bahouddin Naqshband maqbarasi ziyoratidan boshlandi. Bu yerda Qurʼon tilovat qilinib, xalqimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 noyabr kuni bunyodkorlik ishlarining borishi va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishish uchun Buxoro viloyatiga keldi.
Tashrif Kogon tumanida joylashgan Bahouddin Naqshband maqbarasi ziyoratidan boshlandi. Bu yerda Qurʼon tilovat qilinib, xalqimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo qilindi.


Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband XIV asrda yashab oʻtgan buyuk alloma, tasavvufdagi naqshbandiya tariqatining asoschisidir. Uning maqbarasi atrofida asrlar davomida shakllangan meʼmoriy majmua bugun ham islom olamidagi eʼzozli ziyoratgohlardan biri hisoblanadi.
Har kuni oʻrtacha 15 mingga yaqin kishi ziyorat qilayotgan Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmuasi “Ipak yoʻli: Zarafshon – Qoraqum koridori” tarkibida YuNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.

Soʻnggi yillarda majmuaning tarixiy qiyofasini asrash va ziyoratchilarga qulaylik yaratish boʻyicha ishlar olib borildi. XV asr chizmalari asosida “Doniyolbiy otaliq” madrasasi va “Toqi miyona” darvozasi taʼmirlandi, muzey ekspozitsiyasi hamda ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.
Prezidentimiz Buxoro asrlar davomida maʼrifatli islom taraqqiyotida muhim oʻrin tutib kelganini taʼkidladi. Bu boy maʼnaviy merosni chuqur oʻrganish va undan yoshlar tarbiyasida samarali foydalanish, ularni ilm-maʼrifatga undash zarurligini qayd etdi.
– Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy bobolarimiz nomi bilan bogʻliq majmualar – bularning barchasi bir maqsadga xizmat qiladi: buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosini davom ettirish va yoshlarimizni shu ruhda tarbiyalash, – dedi davlatimiz rahbari.





