Prezident Kongress-xoll majmuasi va Qoʻshmadrasa ansambliga tashrif buyurdi
Kongress-xoll forumlar, oliy darajadagi uchrashuvlar va boshqa yirik anjumanlarni oʻtkazishga xizmat qiladi. Qiymati 60 million dollar boʻlgan loyiha doirasida 14,5 ming kvadrat metr maydonli bino qurilmoqda. Hozirda asosiy betonlashtirish ishlari yakunlanib, tashqi muhandislik tarmoqlarini tortish, fasad va tom qismlarini barpo etish davom etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahridagi Kongress-xoll majmuasi va zamonaviy mehmonxonalar qurilishini koʻzdan kechirdi.
Keyingi yillarda Oʻzbekistonga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni izchil oʻsmoqda. 2025 yilda bu koʻrsatkich 2016 yilga nisbatan qariyb olti barobar, turizm xizmatlari eksporti esa oʻn bir karra oshdi. Shu bilan birga, mamlakatimizda yirik xalqaro tadbirlar oʻtkazish uchun zamonaviy infratuzilmaga talab ortib bormoqda.



Majmua shaharning ana shunday tadbirlarga mezbonlik qilish imkoniyatini kengaytiradi. Kongress-xoll forumlar, oliy darajadagi uchrashuvlar va boshqa yirik anjumanlarni oʻtkazishga xizmat qiladi.
Qiymati 60 million dollar boʻlgan loyiha doirasida 14,5 ming kvadrat metr maydonli bino qurilmoqda. Hozirda asosiy betonlashtirish ishlari yakunlanib, tashqi muhandislik tarmoqlarini tortish, fasad va tom qismlarini barpo etish davom etmoqda.

Shu hududda 37 million dollarlik “Hilton Garden Inn” mehmonxonasi ham qad rostlamoqda. Yetti qavatli, 212 xonali mehmonxonada yer osti avtoturargohi koʻzda tutilgan. Binoning asosiy konstruksiyalari qurib bitkazilgan, hozir ichki devorlar, muhandislik tarmoqlari va fasad ishlari olib borilmoqda.
Yana bir loyiha – 39,6 million dollarlik “Holiday Inn” mehmonxonasi. Bu inshoot ham yetti qavatli, 212 xonali boʻladi, yonida ikki qavatli biznes markazi ham barpo etilmoqda. Mehmonxonada tom montaji va ichki devorlar qurilishi, biznes markazi yertoʻlasida esa betonlashtirishning yakuniy bosqichi ketmoqda.
Davlatimiz rahbari obʼektlardagi ishlar bilan tanishib, ular Buxoroda xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish, turizm xizmatlari koʻlamini kengaytirish uchun muhimligini, bu esa aholi daromadlarini oshirish va hudud iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Qurilish ishlarini belgilangan muddatda, sifat talablariga qatʼiy rioya etgan holda yakunlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahridagi Qoʻshmadrasa ansambliga tashrif buyurdi.


Abdullaxon madrasasi XVI asr oʻzbek meʼmorchiligining nodir namunalaridan biri, 1588-1590 yillarda Buxoro xonligining Shayboniylar sulolasidan chiqqan hukmdori, buyuk sarkarda va davlat arboblaridan biri Abdullaxon II tomonidan bunyod etilgan.
Madrasa rejasi va ichki tuzilishi murakkab muhandislik yechimi bilan anʼanaviy Buxoro madrasalaridan farq qiladi. Majmuaning bosh kirish qismi janubga qaragan boʻlib, u koʻk rangli koshin va sirli naqshlardan terilgan geometrik mozaika bilan bezatilgan.
XVI asrda madrasa Movarounnahrning eng yirik va nufuzli oliy taʼlim va ilm-fan markazlaridan biri boʻlgan. Bu yerda ilmi toliblarga diniy va dunyoviy fanlardan dars berilgan. Xususan, madrasada Qurʼon, tafsir, hadis, fiqh, aqoid bilan bir qatorda arab tili va adabiyoti, mantiq, falsafa, matematika, geometriya, tibbiyot fanlari chuqur oʻqitilgan.


Ansamblning janubiy qismida 1566-1567 yillarda Abdullaxon II tomonidan oʻz onasi sharafiga bunyod etilgan Modarixon madrasasi joylashgan. Madrasalar bir-biriga qarama-qarshi, bir oʻq chizigʻida qurilgan.
Qoʻshmadrasa ansambli 2023-2024 yillarda qiymati 6 milliard soʻmlik loyiha doirasida qisman restavratsiya qilingan. Bugungi kunda mazkur ansamblga 1 million sayyoh tashrif buyurmoqda.
Davlatimiz rahbariga Qoʻshmadrasa ansamblini restavratsiya qilish rejasi taqdimot qilindi.
Prezidentimiz sayyohlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.





