Prezident Buxoroda 7,8 mlrd dollarlik loyihalarga start berdi
Neft-kimyo, toʻqimachilik, qurilish materiallari, mashinasozlik, energetika, togʻ-kon sanoati, farmatsevtika va boshqa sohalarida umumiy qiymati 7,8 milliard dollar boʻlgan 145 ta loyihadan iborat dastur shakllantirilgan. Shundan 654 million dollarlik 55 ta loyiha ishga tushirilmoqda, qiymati 7,1 milliard dollar boʻlgan yana 90 tasining qurilishi boshlanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida yangi obʼektlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi.
Buxoro asrlar davomida ilm-fan, madaniyat va hunarmandchilik markazi boʻlib kelgan. Bugun ajdodlarimizdan meros bunyodkorlik anʼanalari zamonaviy ishlab chiqarish, tadbirkorlik va turizm rivojida davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari soʻnggi toʻqqiz yilda viloyatga 9,5 milliard dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilinib, 6 mingdan ortiq yangi ishlab chiqarish quvvati va 120 mingta doimiy ish oʻrni yaratilganini qayd etdi. Bu natijalar odamlarning bandligi va daromadi oshishi, mahalliy korxonalarning yangi bozorlarga chiqishida oʻz ifodasini topmoqda.
– Bugungi Buxoro buyuk tarixdan yangi taraqqiyot va muhtasham loyihalar davriga shiddat bilan yuzlanmoqda, – dedi Prezidentimiz.
Neft-kimyo, toʻqimachilik, qurilish materiallari, mashinasozlik, energetika, togʻ-kon sanoati, farmatsevtika, raqamli texnologiyalar, logistika, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, uy-joy qurilishi, infratuzilma, xizmat koʻrsatish va turizm sohalarida umumiy qiymati 7,8 milliard dollar boʻlgan 145 ta loyihadan iborat dastur shakllantirilgan. Shundan 654 million dollarlik 55 ta loyiha ishga tushirilmoqda, qiymati 7,1 milliard dollar boʻlgan yana 90 tasining qurilishi boshlanmoqda.
Loyihalarda AQSh, Kanada, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Xitoy, Vetnam, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Rossiya va Hindiston investorlari, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki hamda mahalliy tadbirkorlar ishtirok etmoqda.
Ularning amalga oshirilishi natijasida 14 mingdan ortiq ish oʻrni yaratilishi, yiliga 22 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilishi va 510 million dollarlik eksport imkoniyati paydo boʻlishi kutilmoqda.
– Maqsadimiz bitta – import oʻrnini bosadigan va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish, – dedi davlatimiz rahbari.
.jpg)
Viloyatda energetika sohasida ham yirik quvvatlar barpo etilmoqda. Soʻnggi yillarda “yashil” energetikaga 2 milliard dollar jalb qilinib, 1 ming megavatt shamol va 750 megavatt quyosh elektr stansiyalari, shuningdek, 63 megavattli energiya saqlash tizimlari ishga tushirildi. 601 kilometr magistral elektr tarmogʻi tortildi.
Gʻijduvonda “ACWA” kompaniyasi bilan 300 megavattli “Bosh-2” shamol elektr stansiyasi, Jondorda “Toyota Corporation” va Peshkuda “Sinoma” kompaniyalari ishtirokida umumiy quvvati 1 ming megavatt boʻlgan shamol elektr stansiyalarining qurilishi davom etmoqda. Xitoylik hamkorlar bilan Kogon tumanida maishiy chiqindilardan elektr energiyasi olishga qaratilgan 165 million dollarlik loyihani amalga oshirish, Germaniyaning “Leman” kompaniyasi bilan esa “Amu-Buxoro” kanali nasos stansiyalarining barqaror ishlashini taʼminlash boʻyicha 150 million dollarlik loyihani yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Viloyatning paxtachilikdagi tajribasiga tayangan holda zamonaviy toʻqimachilik klasterlari rivojlantirilmoqda. Buxoro shahrida “Kurt Baver” brendi ostida yiliga 62 ming tonna mahsulot ishlab chiqaradigan toʻqimachilik kompleksi barpo etiladi. Romitanda xitoylik investorlar ishtirokida qiymati 400 million dollar boʻlgan paxta-toʻqimachilik klasteri tashkil etilmoqda. Ushbu loyihalar doirasida 9 ming gektar yerni oʻzlashtirish tashabbusi ham ilgari surilgan. Natijada yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ulushini 65 foizga yetkazish va qoʻshimcha 100 million dollarlik eksport imkoniyatini yaratish koʻzda tutilgan.
Turizm Buxoro taraqqiyotining yana bir muhim yoʻnalishidir.
– Qadimiy obidalar, madaniy meros va zamonaviy infratuzilma uygʻunligi Buxoroni sayyohlarning sevimli maskaniga aylantiryapti. Bugungi tadbirimiz oʻtayotgan, yangidan barpo etilayotgan Buxoro turizm markazi ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Markazda “Boqiy Buxoro” madaniy-etnografik parki, koʻrgazmalar zali, zamonaviy mehmonxonalar, madaniy va koʻngilochar maskanlar barpo etiladi. Shuningdek, Buxoro shahrida “Indigo”, “Holiday Inn” va “Hilton” xalqaro brendlari ostida mehmonxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.
– Umuman, Buxoroda qiymati 3 milliard dollarlik 19 ta yirik loyihani boshlaymiz. Agar bu ishlarni tizimli tashkil qilsak, birgina Buxoroning oʻzida bemalol 5 milliard dollarlik turizm xizmatlari eksportini taʼminlaymiz, – dedi Prezidentimiz.
Kelgusi besh yilda Buxoro viloyati aholisini toʻliq ichimlik suvi bilan, yirik shaharlar va tuman markazlarini esa kanalizatsiya tarmogʻi bilan taʼminlash maqsad qilingan. Xalqaro hamkorlar bilan umumiy qiymati 633 million dollar boʻlgan ikkita yirik loyiha boshlangan. Ularning hisobiga 2 million nafar aholining suv taʼminoti yaxshilanadi, 781 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suviga ega boʻladi.
Shuningdek, viloyatning tranzit salohiyatini uch karra oshirishga qaratilgan, qiymati 565 million dollar boʻlgan yettita yoʻl loyihasi amalga oshiriladi.

Prezidentimiz ramziy tugmani bosib, yangi obʼektlarni ishga tushirdi va istiqbolli loyihalar qurilishiga start berdi. Xorijlik investorlar bilan muloqot boʻlib oʻtdi.
Shu yerning oʻzida davlatimiz rahbari Buxoro infratuzilmasini 2027 yilda oʻtkazilishi rejalashtirilgan sammitlarga puxta tayyorlash yuzasidan mutasaddilarning axborotlarini tingladi va tegishli topshiriqlar berdi.





