Jurnalistika boʻyicha Ekologik kengashning mahorat maktabi tashkil etildi
Hududiy jurnalistlarni ham jalb etish orqali jamoani kengaytirish, har oy amalga oshirilgan ishlar yuzasidan muloqot qilish va tajriba almashib borishga kelishib olindi.

Bugun Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Ekologik kengashining mahorat maktabi ochilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Shahribonu Imomova, Uyushmaning Ekologik kengashi rahbari Nargis Qosimova, Xavfli chiqindilarni boshqarish direksiyasi xodimlari, shuningdek, jurnalistlar, blogerlar, volontyorlar, talaba-yoshlar, turli ommaviy axborot vositalari va nashrlar vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida ekologik mavzularni internet nashrlari, gazeta va jurnallar, radio hamda televideniye orqali keng yoritish, soha olimlari va mutaxassislari bilan hamkorlikda tadbirlar hamda press-turlar tashkil etish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.
Muhokamalar yakunida ishtirokchilarning oʻzaro aloqalarini mustahkamlash maqsadida aloqa maʼlumotlari almashildi va maxsus Telegram guruhi tashkil etildi. Shuningdek, hududiy jurnalistlarni ham jalb etish orqali jamoani kengaytirish, har oy amalga oshirilgan ishlar yuzasidan muloqot qilish va tajriba almashib borishga kelishib olindi.





