platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jahon

AQSh Eronga hujum qildi: Tramp urush boshlaydimi yoki Tehron bilan kelishuvga erishadimi?

AQSh kutilmaganda Eronning Qeshm oroliga hujum qildi. Eronning IRNA axborot agentligiga koʻra, portlash dushanba kuni kechqurun sodir boʻlgan. Guvohlar agentlikka Eronning janubiy sohili yaqinida, Hurmuz boʻgʻozi hududida joylashgan orol ustida ikkita samolyot uchib oʻtayotganini koʻrganini aytgan.

«Hodisa Amerika harbiylari Hurmuz boʻgʻozida AQSh rasmiylari «mudofaa zarbalari» deb atagan harbiy amaliyotni amalga oshirgani haqida xabar bergan bir vaqtda yuz berdi», deya yozadi Al Jazeera nashri.

Eronning Fars axborot agentligi ham Bandar-Lenge port shahrida portlashlar eshitilgani, ularning ovozi dengiz tomondan kelganini maʼlum qilgan.

The Wall Street Journal nashri AQSh rasmiylariga tayanib, zarbalar Amerika harbiylari tomonidan amalga oshirilganini xabar qildi.

Nashr suhbatlashgan ayrim rasmiylarning aytishicha, zarbalar mudofaa xususiyatiga ega boʻlib, Eronning Hurmuz boʻgʻozida savdo kemalariga hujum qilish imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan. Rasmiylardan biri Vashington yirik harbiy amaliyotlar qayta boshlangan degan taassurot uygʻotmaslik uchun ushbu operatsiyani ataylab keng jamoatchilikka oshkor qilmaganini bildirgan.

Associated Press axborot agentligi ham AQSh rasmiylaridan biriga tayanib, Amerika harbiylari Hurmuz boʻgʻozidagi Eron nishonlariga qarshi mudofaa zarbalarini amalga oshirganini xabar qildi. Rasmiyning soʻzlariga koʻra, AQSh obʼektlariga qarshi yer-havo raketalaridan foydalanayotgan eronlik kuchlar nishonga olingan.

Fox News va Axios jurnalistlari esa hujumlar Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi (IIQK) dushanba kuni Hurmuz boʻgʻozida AQSh samolyotiga qarata oʻt ochganidan keyin amalga oshirilganini xabar qildi.

Fox News jurnalisti Jennifer Griffin AQSh rasmiylaridan biriga tayanib, mazkur hodisa «AQSh tomonidan keng koʻlamli zarbalar berish boshlanganini anglatmasligi»ni yozgan.

Hozircha Eron va AQSh rasmiylari mazkur xabarlarga munosabat bildirgani yoʻq.

AQSh va Eron oʻrtasidagi muzokaralar

Dushanba kuni Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi Qeshm orolining janubida elektron urush vositalari yordamida AQShning razvedka samolyotlari sifatida taʼriflangan ikkita dronini qoʻlga olganini maʼlum qilgan edi. Shuningdek, korpus Hurmuz boʻgʻozining sharqiy qismida MQ-9 rusumli dronni urib tushirganini bildirgan.

AQShda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan muhim oraliq saylovlar arafasida berilgani aytilayotgan zarbalar Donald Trampning Respublikachilar partiyasi Vakillar palatasi va Senat ustidan nazoratni saqlab qolish uchun kurashayotgan bir paytga toʻgʻri kelmoqda.

Bu, shuningdek, AQSh va Isroilning Eronga qarshi yangi hujumlari qayta boshlanishining oldini olishga qaratilgan diplomatik saʼy-harakatlar kuchaygan davrda yuz bermoqda.

Donald Tramp dushanba kuni oʻzining Truth Social ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida Eron bilan kelishuvga tez orada erishilishi mumkinligiga ishora qildi.

«Neft narxlari keskin pasaymoqda — bir barrel uchun qariyb 10 dollarga arzonladi. Bu rekord darajadagi pasayish, chunki odamlar Eron bilan urush boʻlmaydi, deb hisoblamoqda. Eron imkon qadar tezroq kelishuvga erishishni istayapti. Bu amalga oshishi mumkin!» — deb yozdi Tramp.

Avvalroq jurnalistlar undan seshanba kungi oraliq saylovlardan keyin Eronga zarba berish imkoniyatini koʻrib chiqayotgan-qilmayotganini soʻraganida, Tramp «yoʻq», deb javob bergan edi.

AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens ham zarbalar haqidagi xabarlar tarqalishidan oldin muzokaralar borasida optimistik fikr bildirgan. U dushanba kuni jurnalistlarga Tramp bilan Eron boʻyicha muzokaralarni muhokama qilganini aytdi.

Oʻtgan hafta Eron xavfsizlik kengashi rahbari Muhsin Rizoiyga yuborgan maktubi haqidagi savolga javob berar ekan, Vens: «Biz eronliklar bilan bir necha bor yaxshi muloqotlar oʻtkazdik. Prezident ham, men ham muzokaralar orqali kelishuvga erishish istiqbollariga ancha ijobiy qarayapmiz. Bu boradagi ishlarni davom ettiramiz», degan edi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiy esa Tehronning tinchlikka erishish boʻyicha talablari Vashingtonga aniq yetkazilganini taʼkidlab, «Endi navbat AQShda», degan.

Uning aytishicha, Eron tomonidan Hurmuz boʻgʻozini qayta ochish boʻyicha taklif etilgan reja qisqartirilgan va Vashington Tehron shartlarini bajargan taqdirda, uni ikki kun ichida amalga oshirish mumkin.

Eronning shartlari qatoriga AQSh tomonidan Eron portlariga oʻrnatilgan dengiz blokadasini bekor qilish hamda harbiy harakatlarni toʻxtatish boʻyicha kafolatlar berish kiradi. Bu esa Hurmuz boʻgʻozini qayta ochish va muzokaralarni yangidan boshlash uchun imkoniyat yaratishi mumkin.

Diplomatik saʼy-harakatlarga qaramay, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham AQShdagi oraliq saylovlardan keyin Eronga qarshi navbatdagi zarbalar toʻlqinini amalga oshirish tarafdori boʻlib kelmoqda. Associated Press agentligi bu haqda mintaqadagi ikki rasmiy va vaziyatdan xabardor yana bir manbaga tayanib xabar bergan.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid