Angrendagi koʻp qavatli uyda qalbaki pul tayyorlaganlar ushlandi
Tadbirda salkam 80 mln soʻm soxta pul aniqlandi. Mazkur shaxslar muqaddam sudlangan boʻlsalarda, oʻz xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarishmagan.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi.
Unda qalbaki pul tayyorlash va muomalaga kiritish bilan shugʻullangan shaxslar jinoyat ustida qoʻlga olindi.
Xususan, Angren shahrida yashovchi, 1993 y.t. fuqaro oʻzining 1997 y.t. tanishi bilan til biriktirgan holda, shahardagi koʻp qavatli uylardan birida joylashgan xonadonni ijaraga olib, qalbaki pul tayyorlashgan.
Koʻzdan kechirish jarayonida ushbu manzildan yarim tayyor holatdagi 100 va 200 ming soʻmlik kupyuralardan iborat jami 79,8 mln soʻm miqdoridagi qalbaki pul mablagʻlari, “EPSON” rusumli rangli printer va uning boʻyoqlari, shuningdek, kanselyariya jihozlari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Taʼkidlash lozim, mazkur shaxslar muqaddam sudlangan boʻlsalarda, oʻz xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarishmagan.
Holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 176-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.





