9 oyda GESlarda elektr ishlab chiqarish 120 foizga bajarildi
Maʼlumotlarga koʻra, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tizimida toʻqqiz oyda 576,3 mlrd soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 177,2 mlrd soʻmlik mahsulot tayyorlangan.

2026 yilning yanvar–sentabr oylarida GESlarda 6 642,7 mln kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 151,9 mln dollar investitsiya oʻzlashtirildi. Bu haqda 3 noyabr kuni Kontent tayyorlash markazida “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
Jamiyat tomonidan umumiy quvvati 74,3 MVt boʻlgan 9 ta energetika loyihasi foydalanishga topshirildi. Loyihalar orasida Qoʻgʻay-1, Qoʻgʻay-2, Beshqoʻrgʻon, JFK-3, Rabot, Chappasuv va Tamshush GESlari, Zarchob-3A mikroGES hamda 20 MVt quvvatli Chorbogʻ shamol elektr stansiyasi bor. Ushbu loyihalar hisobiga 120 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratilgan.
Jamiyat tomonidan 151,9 mln dollar investitsiya jalb qilingan boʻlib, ularning 48,7 mln dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar, 103,2 mln dollari jamiyatning oʻz mablagʻlari hisobiga toʻgʻri keladi. 2027 yilda investitsiyalar hajmini 266 mln dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tizimida toʻqqiz oyda 576,3 mlrd soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 177,2 mlrd soʻmlik mahsulot tayyorlangan.
Matbuot anjumanida jamiyat xodimi oʻtgan 9 oy davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish rejasi 120 foizga bajarilganini taʼkidladi.
Shuningdek, “UzHydroPower” korxonasida 40 MVtgacha quvvatga ega gidroagregatlar va ehtiyot qismlar “Made in Uzbekistan” brendi ostida ishlab chiqarilmoqda. Gidroenergetika obʼektlarida suv oqimini prognoz qilish, ishlab chiqarishni avtomatilashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish ishlari ham olib borilmoqda.
Xalqaro hamkorlik doirasida Turkiya, Eron, Rossiya, Xitoy va Janubiy Koreya kompaniyalari bilan zamonaviy gidroenergetika uskunalarini oʻzlashtirish, yangi loyihalarni amalga oshirish va ishlab chiqarishni rivojlantirish boʻyicha hamkorlik qilinmoqda.





