Yoʻllarda mobil radarlar mavjudligini koʻrsatish talabi bekor qilindi
Mazkur talab endi faqat statsionar radarlarga tegishli boʻladi. Maqsad yoʻl harakati qoidalari buzilishlari sonini kamaytirish sifatida koʻrsatilgan.

Vazirlar Mahkamasi 29 oktabrdagi qarori bilan mobil radarlardan foydalanishda "Radar" yoʻl belgisi boʻlishi kerakligi toʻgʻrisidagi talabni bekor qildi.
U 2025 yil 1 sentabrdan "Transport vositalaridan foydalanishda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish toʻgʻrisida"gi qaror bilan joriy etilgandi.
Bundan buyon radar belgisi faqat harakat tezligini nazorat qiluvchi statsionar radarlar oldiga oʻrnatilishi kerak.
Yoʻl harakati qoidalari belgi radardan kamida 250 va koʻpi bilan 500 metr masofada joylashishi kerakligi toʻgʻrisidagi norma bilan toʻldirildi.
Oʻzgarishlardan maqsad sifatida qoidabuzarliklarni foto va videofiksatsiya qilish vositalaridan foydalanishni takomillashtirish orqali YHQ buzilishlari sonini kamaytirish koʻrsatilgan.





