"Yoʻl qoʻyib boʻlmas holat": Urbanizatsiya qoʻmitasi uy qurilishiga pul berib, aldanganlar boʻyicha munosabat bildirdi
Bunday holatlarning oldini olish maqsadida hozirda eskrou hisobvaraqlari tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Soʻnggi kunlarda ayrim qurilish kompaniyalari faoliyati, uy-joyni topshirish muddatlarining buzilishi, xaridorlarga mablagʻlarning qaytarilmasligi, shuningdek, bir qator quruvchi kompaniyalar rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilishi bilan bogʻliq vaziyatlar keng jamoatchilik muhokamasiga sabab boʻlmoqda.
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi ushbu holatlar yuzasidan munosabat bildirdi.
Qoʻmita uy-joy sotib olish uchun mablagʻ kiritgan fuqarolarning vaʼda qilingan xonadonlar va pullarini qaytarib olish imkoniyatisiz qolishini yoʻl qoʻyib boʻlmas holat deb hisoblashini bildirgan.
Bunday holatlarning oldini olish maqsadida hozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilayotgan “Koʻp kvartirali uylar va boshqa koʻchmas mulk obʼektlarini ulush kiritish asosida qurish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi bilan eskrou hisobvaraqlari tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Ushbu mexanizm xaridorlar mablagʻlarini maxsus bank hisobvaraqlariga joylashtirish va ularni quruvchilarga faqat belgilangan shartlar bajarilgandan keyingina oʻtkazishni nazarda tutadi. Bu firibgarlik hamda fuqarolar mablagʻlaridan maqsadsiz foydalanish xavfini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.
Eskrou mexanizmi, shuningdek, qurilishning uzluksizligini taʼminlashni, jumladan, loyihani amalga oshirishda jiddiy muammolar yuzaga kelganda boshqa quruvchini tezkor jalb qilish imkoniyatini ham nazarda tutadi. Bu quruvchi oʻz majburiyatlarini bajara olmagan taqdirda ham qurilishning yakunlanishini taʼminlaydi.
"Milliy qoʻmita xaridorlar mablagʻlarini ishonchli himoya qilish, quruvchilar tomonidan majburiyatlarning soʻzsiz bajarilishi hamda bozorning vijdonli ishtirokchilari uchun shaffof va teng sharoitlar yaratish uy-joy qurilishining asosi boʻlishi lozim, deb hisoblaydi", deyiladi xabarda.





