platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Xorijdan qaytgan fuqarolar boʻyicha platforma yaratiladi

Platforma hokimlar hamda tarmoq rahbarlari foydalanadigan tizimga ulanadi.​​Yil boshidan buyon 1 million 116 ming kishi migratsiyadan qaytgan boʻlib, yil yakunigacha 250 ming kishiga mos ish topish vazifasi qoʻyildi. 

Xorijdan qaytgan fuqarolar boʻyicha platforma yaratiladi

30 noyabrdan 5 dekabrga qadar Toshkentda “Yangi Oʻzbekiston – global imkoniyatlar chorrahasi” forumi oʻtkaziladi.

Prezidentimiz ushbu tadbir tadbirkorlar uchun yangi eksport yoʻnalishlarini ochish, chet elda ishlash istagidagi fuqarolarni Yevropa va Koʻrfaz mamlakatlaridagi ish beruvchilar bilan bogʻlashga xizmat qilishi zarurligini taʼkidladi.

Forumga 52 ta davlat vakillari kelishi kutilmoqda.

​Har bir elchi oʻzi ishlayotgan mamlakatdan 50-100 nafar yirik importer va rekruting kompaniyalari vakillarini jalb qilishi kerakligi qayd etildi.

​Forumda xorijlik hamkorlar bilan 2027 yil uchun eksport, turizm va migratsiya yoʻnalishlarida aniq kelishuvlarga erishish vazifasi qoʻyildi.

​Davlatimiz rahbari ish oʻrni topish bilan vazifa tugamasligini bildirdi. Elchilar hokimlar bilan birga fuqaroning ishga joylashishi va yangi muhitga koʻnikishigacha boʻlgan jarayon uchun masʼul boʻladi.​

Yigʻilishda migratsiyadan qaytgan fuqarolarni ish bilan taʼminlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

​Yil boshidan buyon 1 million 116 ming kishi migratsiyadan qaytgan. Ular orasida Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya, Yaponiya va Rossiyada sanoat, qurilish, logistika, xizmat koʻrsatish hamda qishloq xoʻjaligi sohalarida tajriba orttirgan mutaxassislar bor.

​Prezidentimiz xorijda yirik sanoat korxonalarida ishlab, zamonaviy texnologiya va mehnat madaniyatini oʻzlashtirgan mutaxassislar mamlakatimiz korxonalari uchun katta imkoniyat ekanini taʼkidladi. Hokimlar va tarmoq rahbarlari ularga munosib ish taklif qilib, bilim va tajribasidan foydalanishi lozim.

​Shu maqsadda chet eldan qaytgan fuqarolarning ishlagan joyi, kasbi va staji aks etadigan platforma yaratilib, hokimlar hamda tarmoq rahbarlari foydalanadigan tizimga ulanadi.

​Yil yakunigacha qaytgan 250 ming kishiga mos ish topish, tadbirkorlik qilishni istaganlarga esa yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, sharoit yaratish vazifasi qoʻyildi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid