platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasida sunʼiy intellekt boʻyicha hamkorlik kuchaytiriladi

AQShda sunʼiy intellekt sohasidagi hamkorlik boʻyicha xalqaro forum boʻlib oʻtdi. Prezident Administratsiyasi rahbarining maslahatchisi, Amerika–Oʻzbekiston biznes va investitsiya kengashi Kotibiyati rahbari Nozima Davletova mamlakatning raqamli rivojlanish sohasidagi strategik ustuvorliklarini taqdim etdi. 

Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasida sunʼiy intellekt boʻyicha hamkorlik kuchaytiriladi

Joriy yilning 30 oktabr kuni Oʻzbekistonning Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasida Sunʼiy intellekt (SI) sohasidagi hamkorlik boʻyicha xalqaro forum boʻlib oʻtdi. Tadbir Bosh konsulxona, Amerika–Oʻzbekiston biznes va investitsiya kengashi, IT Park Uzbekistan hamda Jahon raqamli texnologiyalar akademiyasi (WDTA) tomonidan tashkil etildi.

Tadbir texnologiya sohasi, universitetlar, investitsiya hamjamiyati va davlat hokimiyati organlarining qariyb 60 nafar vakilini birlashtirdi. Ular qatorida Microsoft va Meta mutaxassislari, Garvard, Vashington va Shimoli-Sharqiy universitetlari, Sietl maʼmuriyati hamda innovatsion kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Forum Seattle AI Week doirasida oʻtkazilib, haftalik dasturining yakuniy tadbiri boʻldi.

Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasida sunʼiy intellekt boʻyicha hamkorlik kuchaytiriladi

Oʻzbekiston–AQSh texnologik sherikligining istiqbollari, kadrlar tayyorlash, startaplarni rivojlantirish, investitsiyalar jalb etish va amaliy SI yechimlarini joriy qilish masalalari diqqat markazida boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining maslahatchisi, Amerika–Oʻzbekiston biznes va investitsiya kengashi Kotibiyati rahbari Nozima Davletova mamlakatning raqamli rivojlanish sohasidagi strategik ustuvorliklarini taqdim etdi. U Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi ishbilarmonlik hamda investitsiya aloqalari jadal rivojlanayotganini, shuningdek, ikki mamlakatdagi manfaatdor tashkilotlarning amaliy tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashda Kengashning imkoniyatlarini taʼkidladi.

Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasida sunʼiy intellekt boʻyicha hamkorlik kuchaytiriladi

Bosh konsul Ahror Burxonov Oʻzbekistonning AQSh Tinch okeani shimoli-gʻarbiy mintaqasi bilan hamkorligini mustahkamlash imkoniyatlariga eʼtibor qaratdi. Bosh konsulxonaning mintaqadagi texnologik kompaniyalar, universitetlar va tadbirkorlik hamjamiyatlari bilan bevosita aloqalar oʻrnatishga koʻmaklashishga tayyorligi bildirildi.

IT Park Uzbekistan vakili Ruslan Yapparovning taqdimotida milliy IT ekotizimining rivojlanishi va xalqaro hamkorlar bilan oʻzaro aloqalar imkoniyatlari yoritildi. Yetakchi SI kompaniyalari ishtirokida yoshlarni oʻqitish, hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish va oʻzbek startaplarini xorijiy bozorlarga olib chiqish ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilandi.

WDTA ijrochi raisi Yel Li Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoni AQShning ilgʻor innovatsion ekotizimlari bilan bogʻlovchi texnologik markaz sifatidagi salohiyatini qayd etdi. U bilim almashish, sunʼiy intellektni masʼuliyatli rivojlantirish va maʼlumotlarni himoya qilishga alohida eʼtibor qaratdi.

Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasida sunʼiy intellekt boʻyicha hamkorlik kuchaytiriladi

Permira'ning katta maslahatchisi, Microsoft'ning dasturiy taʼminot ishlab chiquvchilar yoʻnalishining sobiq prezidenti Yuliya Lyuson zamonaviy SI vositalaridan foydalanish imkoniyati, taʼlim dasturlarini yangilash hamda tajribaviy ishlanmalardan ularni amalda qoʻllashga oʻtishning ahamiyatini taʼkidladi.

Sietl shahrining texnologiyalar boʻyicha bosh direktori Shennon Smit munitsipal xizmatlarni takomillashtirish, qurilish bilan bogʻliq tartib-taomillarni soddalashtirish va yoʻl harakati xavfsizligini oshirishda SIdan foydalanish tajribasini taqdim etdi. Sietl va Toshkent oʻrtasida raqamli shahar boshqaruvi sohasida tajriba almashish istiqbollari muhokama qilindi.

Panel muhokamalarida ishtirokchilar universitet inkubatorlarini rivojlantirish, startaplar uchun ustozlik dasturlarini yoʻlga qoʻyish va biznesning real vazifalariga mos mutaxassislar tayyorlash masalalarini koʻrib chiqdi. Agrotexnologiyalar, suv tejovchi texnologiyalar, til xizmatlari va nogironligi boʻlgan shaxslarning xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiruvchi yechimlar hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari sifatida qayd etildi.

Forum yakunida Oʻzbekistonning Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi va WDTA texnologiyalar hamda sunʼiy intellekt sohasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzoladi. Hujjat tajriba almashish, universitetlar, kompaniyalar va davlat muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, Oʻzbekiston ishtirokida taʼlim tashabbuslari va sinov loyihalarini oʻrganishni nazarda tutadi. Unda SIdan masʼuliyatli foydalanish, kiberxavfsizlik va maʼlumotlarni himoya qilishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid