Marat Hamdamov protsessual tartibda qoʻlga olindi
Avvalroq Toshkent shahar IIBB tergov boshqarmasi "Imarat Development" masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi ochgandi.

"Imarat Development" qurilish loyihasi egasi Marat Hamdamov Toshkent shahar IIBB tomonidan olib borilayotgan jinoyat ishida gumonlanuvchi tariqasida jalb etilgan va JPKning 227-moddasi tartibida ushlangan. Bu haqda Kun.uz nashri xabar bermoqda.
Kompaniya taqdim qilgan koʻplab loyihalaridagi xonadonlar mijozlariga vaʼda qilingan (shartnomada koʻrsatilgan) muddatlarda topshirilmagani ortidan muammolar yuzaga kelgandi.
Avvalroq Toshkent shahar IIBB tergov boshqarmasi "Imarat Development" masʼuliyati cheklangan jamiyat (MChJ) rahbariyatiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi va 192 prim 11-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatgandi.
Toshkent shahar IIBBning maʼlum qilishicha, jinoyat ishi doirasida M.X. va J.A. Jinoyat protsessual kodeksining 227-moddasi (Surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning ushlab turish) tartibida ushlangan.
Maʼlumot uchun JPKning 227-moddasiga koʻra surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning ushlab turish, gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilish haqidagi qarori asosida ichki ishlar organi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ xodimi ushlangan shaxsni eng yaqin ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga darhol olib borishi shart.





