Chet elda ishlayotgan oʻzbekistonliklar soni oʻn yilda ikki baravarga kamaydi
Oʻzbekiston bilan migratsiya sohasida hamkorlik qilayotgan yirik xorijlik ish beruvchilar qariyb 400 taga koʻpaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mehnat migratsiyasi masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazmoqda.
Davlatimiz rahbari jahon mehnat bozori oʻzgarayotganiga eʼtibor qaratdi. Bugun dunyoda 168 million kishi xorijiy migratsiyada. Mamlakatimizda ham chet elda ishlash istagidagi fuqarolar bor, boshqa davlatlarda esa ishchi kuchiga ehtiyoj yuqori. Ushbu ikki imkoniyatni oʻzaro bogʻlash soha mutasaddilari va hududlar rahbarlari oldida turgan asosiy vazifa ekani qayd etildi.
– Inson oʻz kasbini puxta egallasin, oʻz qadrini bilsin, oʻz yurtiga tayana olsin!– dedi Prezidentimiz.
Soʻnggi yillarda tartibli mehnat migratsiyasiga munosabat tubdan oʻzgardi. Ilgari bu yoʻnalishda 3 ta davlat bilan ish olib borilgan boʻlsa, hozir ularning soni 27 taga yetdi. Hamkorlik qilayotgan yirik xorijlik ish beruvchilar qariyb 400 taga koʻpaydi.
Chet elda ishlayotgan yurtdoshlarimiz soni oʻn yilda ikki baravar kamaygan boʻlsa-da, ularning oilalariga yuborayotgan mablagʻlari toʻrt karra oshdi. Bu, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, xalqaro mehnat bozorida oʻzbek mutaxassislariga munosabat oʻzgarib, odamlarimiz chetga oddiy ishchi emas, malakali kadr sifatida borayotganini koʻrsatadi.





