Profilaktika inspektorlari Boʻrijar kanaliga oʻzini tashlagan qizni qutqardi
Hududdan oʻtib ketayotgan yigit qizning suvga sakraganini koʻrib qolgan hamda bu haqda zudlik bilan 102 xizmatiga xabar bergan.

Toshkent shahridagi Boʻrijar kanaliga oʻzini tashlagan qiz huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qutqarib qolindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati eʼlon qilgan videolavhada aytiladi.
Maʼlum qilinishicha, holat Boʻrijar kanalining aholi sayr qilishiga moʻljallanmagan yopiq qismida sodir boʻlgan. Hududdan oʻtib ketayotgan yigit qizning suvga sakraganini koʻrib qolgan hamda bu haqda zudlik bilan 102 xizmatiga xabar bergan.
Navbatchilik qismiga xabar kelib tushgach, profilaktika inspektorlari tezkorlik bilan voqea joyiga yetib borgan. Murojaat qilgan fuqaroning koʻrsatmasi asosida qizni qidirish boshlangan. Suvdagi aylanma harakat oqibatida qiz kanalning chetki qismiga oʻtib, osilib turgan holatda topilgan. Xodimlardan biri xizmat kiyimida darhol suvga tushgan va sherigi yordamida qizni qirgʻoqqa tortib olgan.
Profilaktika inspektorining soʻzlariga koʻra, agar biroz kechikilsa qizni suv tortib ketishi mumkin edi.
Qutqarilgan fuqaro 5-sonli shifoxonaga olib borilgan. Unga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilgach, qiz oʻziga kelgan. Shaxsiga oydinlik kiritilgandan soʻng, ota-onasi chaqirtirilib, qiz ularga sogʻ-salomat topshirilgan. Hozirda uning holati barqaror.





