Xotin-qizlarning 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi taqdirlandi
Tanlovga respublikaning turli hududlaridan 900 dan ziyod ariza kelib tushdi. Texnik ekspertizadan soʻng 565 ta loyiha ekspertlar tomonidan baholash uchun qabul qilindi.

“InnoWeek–2026” — xalkaro innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida xotin-qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan “Hududning eng yaxshi 100 ta innovatsion loyihasi” tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Taʼlim va ilm-fan vaziri oʻrinbosari Mehriniso Pardayeva hamda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Umida Abdullayeva ishtirok etdi.

Mazkur tanlov Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda Innovatsion rivojlanish agentligi hamkorligida tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi xotin-qizlarning ilmiy va innovatsion salohiyatini roʻyobga chiqarish, istiqbolli gʻoya va loyihalarini qoʻllab-quvvatlash hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etishga koʻmaklashishdan iborat.


Tanlovga respublikaning turli hududlaridan 900 dan ziyod ariza kelib tushdi. Texnik ekspertizadan soʻng 565 ta loyiha ekspertlar tomonidan baholash uchun qabul qilindi. Taqdim etilgan loyihalar belgilangan mezonlar asosida oʻrganilib, natijalarga koʻra 100 ta eng yaxshi innovatsion loyiha saralab olindi.
Taqdirlash marosimida saralangan loyihalar mualliflari eʼtirof etilib, ularga bir martalik pul mukofotlari topshirildi.
Tanlov doirasida loyihalar quyidagi 10 ta yoʻnalish boʻyicha baholandi:
Eng yaxshi raqamli innovatsiya;
Eng yaxshi texnologik innovatsiya;
Eng yaxshi yashil innovatsiya;
Eng yaxshi agroinnovatsiya;
Eng yaxshi tibbiy va bioinnovatsiya;
Eng yaxshi energetik innovatsiya;
Eng yaxshi taʼlim va ijtimoiy innovatsiya;
Eng yaxshi sanoat va ishlab chiqarish innovatsiyasi;
Eng yaxshi ixtiro va yangi texnik yechim;
Eng yaxshi tijoratlashtirilgan innovatsion loyiha.
Ushbu tanlov xotin-qizlarning ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi faolligini oshirish, yangi tashabbuslarini roʻyobga chiqarish hamda ilmiy ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.





