Saida Mirziyoyeva "Zakovat-Gambit" turnirining yoshlar hayotidagi ahamiyatini qayd etdi
"Bu raqamlar zamirida intellektual bellashuvlarga boʻlgan qiziqishning ortib borayotgani, ilmga intilish hamda yoshlarimizning oʻz kuchi va imkoniyatlariga boʻlgan ishonchi mujassam", deydi PA rahbari.

Saida Mirziyoyeva "Zakovat-Gambit" turnirining yoshlar hayotidagi alohida ahamiyatini qayd etdi.
Mamlakatning intellektual salohiyati nafaqat isteʼdod egalarining yutuqlari, balki har bir insonning qobiliyatini yuzaga chiqarish uchun yaratiladigan imkoniyatlar koʻlami bilan ham belgilanadi.

Kecha beshinchi bor oʻtkazilgan "Zakovat-Gambit" shaxmat turniri gʻoliblari taqdirlandi. Bu yilgi musobaqa 6 mingga yaqin ishtirokchini birlashtirdi, bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan ikki barobar koʻp. Ularning 633 nafarini ayol va qizlar tashkil etdi.
"Bu raqamlar zamirida intellektual bellashuvlarga boʻlgan qiziqishning ortib borayotgani, ilmga intilish hamda yoshlarimizning oʻz kuchi va imkoniyatlariga boʻlgan ishonchi mujassam", deydi PA rahbari.
Oʻzbekiston xalqaro shaxmat maydonida havas qilgulik natijalarga erishib kelmoqda. Biroq bundan-da muhim yana bir omil bor: yurtimizda har bir insonning aqliy salohiyatini toʻliq namoyish etishga xizmat qiluvchi muhit shakllanmoqda.

— "Zakovat" loyihasining alohida ahamiyatini men aynan shunda koʻraman. Bu loyiha iqtidorli yoshlarni kashf etibgina qolmay, balki tafakkur madaniyatini, mustaqil fikrlash va oqilona qarorlar qabul qilish koʻnikmasini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda. Zero, yurtimiz kelajagi yosh avlodning nafaqat qanchalik bilimli ekaniga, balki shu bilimlarni qay darajada qoʻllay olishi va fikr doirasiga ham bogʻliq", — deb yozdi Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva.





