Oʻzbekistonda 12 ta davlatning 31 ta akkreditatsiya tashkiloti tan olinadi
Ular taʼlimning turli yoʻnalishlari, jumladan, umumiy taʼlim, muhandislik, aniq fanlar, texnologiya, biznes, boshqaruv, tibbiyot, biologiya, ijtimoiy soha hamda xizmat koʻrsatish va turizm yoʻnalishlarida faoliyat yuritadi.

Oʻzbekistonda xalqaro akkreditatsiya tashkilotlarini tan olishning yagona tizimi joriy etildi.
Oʻzbekistonda taʼlim sifatini xalqaro standartlar asosida baholash, xalqaro akkreditatsiya natijalarining ishonchliligini taʼminlash hamda taʼlim tashkilotlariga nufuzli akkreditatsiya tashkilotlarini tanlashda koʻmaklashish maqsadida Xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotlari reyestri shakllantirilgan.
Reyestrni shakllantirish va yuritishning huquqiy asoslari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 6 avgustdagi 498-son qarori hamda Milliy agentlik direktorining 2026 yil 27 yanvardagi 9-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan nizomlar asosida belgilangan.
Akkreditatsiya tashkilotlarini Reyestrga kiritishda ularning xalqaro faoliyati, sifatni taʼminlash sohasidagi tajribasi, xalqaro tashkilotlarga aʼzoligi, akkreditatsiyadan oʻtkazgan taʼlim dasturlari, ekspertlar tarkibi va faoliyatining milliy qonunchilikka muvofiqligi kabi mezonlar hisobga olinadi. Reyestrga kiritilgan tashkilotlar faoliyati muntazam monitoring qilib boriladi.
Hozirgi kunda Reyestrga 12 ta davlatdan 31 ta xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkiloti kiritilgan. Ular taʼlimning turli yoʻnalishlari, jumladan, umumiy taʼlim, muhandislik, aniq fanlar, texnologiya, biznes, boshqaruv, tibbiyot, biologiya, ijtimoiy soha hamda xizmat koʻrsatish va turizm yoʻnalishlarida faoliyat yuritadi.
Reyestrdagi tashkilotlarning asosiy qismi Germaniya (7 ta), Buyuk Britaniya (6 ta) va Ispaniya (4 ta) hissasiga toʻgʻri keladi. Shuningdek, Fransiya va AQShdan 3 tadan akkreditatsiya tashkiloti kiritilgan.
Xalqaro akkreditatsiya natijalari
Reyestrga kiritilgan 31 ta tashkilotdan hozirga qadar 4 tasi — Germaniyaning ACQUIN va ASIIN, Buyuk Britaniyaning QAA hamda Ispaniyaning UNWTO TedQual tashkilotlari tomonidan oʻtkazilgan akkreditatsiya natijasida 17 ta oliy taʼlim tashkilotining jami 128 ta taʼlim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan.
Mazkur oliy taʼlim tashkilotlari:
➖ Andijon davlat universiteti;
➖ Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti;
➖ Buxoro davlat universiteti;
➖ Fargʻona davlat universiteti;
➖ Fargʻona davlat texnika universiteti;
➖ Jizzax davlat pedagogika universiteti;
➖ Maʼmun universiteti;
➖ Navoiy davlat universiteti;
➖ Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti;
➖ “TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti;
➖ Toshkent axborot texnologiyalari universiteti;
➖ Toshkent davlat pedagogika universiteti;
➖ Toshkent davlat texnika universiteti;
➖ Toshkent davlat tibbiyot universitetining Termiz filiali;
➖ Urganch davlat universiteti;
➖ Urganch RANCH texnologiya universiteti;
➖ Yangi Oʻzbekiston universiteti.
Shu bilan birga, Reyestrga kiritilgan qolgan 27 ta akkreditatsiya tashkilotining imkoniyatlaridan hozirga qadar foydalanilmagan.
Mazkur tizim taʼlim tashkilotlariga xalqaro miqyosda tan olingan akkreditatsiya tashkilotlarini tanlash imkonini yaratish bilan birga, taʼlim sifatini tashqi baholash jarayonlarining shaffofligi va ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, xalqaro akkreditatsiya amaliyotini kengaytirish orqali Oʻzbekiston taʼlim tizimining xalqaro taʼlim makoniga integratsiyalashuvini jadallashtirishga zamin yaratadi.
Reyestr boʻyicha batafsil tahliliy sharh ushbu havolada keltirilgan.





