Toshkent viloyatida yangi aqlli koʻchatxonalar foydalanishga topshirildi
KOICA kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha 2024–2028 yillarga moʻljallangan boʻlib, uning umumiy qiymati 7,7 mln. AQSh dollarini tashkil etadi.

Toshkent viloyatining Pisent tumanida Ekologiya qoʻmitasi huzuridagi Oʻrmon agentligi tomonidan Koreya xalqaro hamkorlik agentligining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi (KOICA) bilan hamkorlikda "Aqlli texnologiyalar asosida Toshkent viloyatida oʻrmon va shahar hududlarini koʻkalamzorlashtirish" loyihasi doirasida barpo etilgan yangi aqlli koʻchatxonalar foydalanishga topshirildi.
Zamonaviy koʻchatxonalarni foydalanishga topshirish tadbirida Oʻrmon agentligi direktor oʻrinbosari Gʻolibjon Qurbonov, Janubiy Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Von Do Yon, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev, Ekologiya qoʻmitasi va Oʻrmon agentligi masʼullari, KOICA kompaniyasi ekspertlari, Piskent tuman hokimligi mutasaddilari, viloyatdagi hududiy davlat oʻrmon xoʻjaliklari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Oʻrmon agentligi direktor oʻrinbosari Gʻolibjon Qurbonov kirish soʻzi bilan ochib, keyingi yillarda mamlakatimizda Davlat rahbarining bevosita tashabbusi bilan yangi oʻrmonlar barpo etish, yashil hududlarni yanada kengaytirish borasida eʼtirofli ishlar amalga oshirilayotganligini alohida taʼkidladi.
"Taʼkidlash joizki, yaqinda Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida bir yilda millionlab sifatli koʻchatlar yetishtirish imkoniyatiga ega boʻlgan zamonaviy koʻchatchilik markazi ish boshladi. Joriy yilda Andijonda ham umumiy maydoni 5 yarim gektar boʻlgan aqlli koʻchatxonalar majmuasi barpo etildi. Mazkur koʻchatxonalar "Yashil makon" umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi, – dedi Gʻolibjon Qurbonov. – Bugun Toshkent viloyatining Pisent tumanida foydalanishga topshirilayotgan ushbu aqlli koʻchatxonalar ham ana shu xayrli tashabbuslarning uzviy davomidir. Mazkur zamonaviy koʻchatxona barpo etilishini bevosita qoʻllab-quvvatlagan Janubiy Koreya respublikasi hukumatiga, KOICA kompaniyasiga hamda uni amalga oshirishga jonbozlik koʻrsatgan barcha hamkorlarimizga Oʻrmon agentligi nomidan samimiy minnatdorchilik bildiramiz".

Tadbir davomida bu yerda bunyod etilgan aqlli koʻchatxonalar majmuining ramziy esdalik toshi tantanali tarzda ochildi. Mehmonlar majmua hududiga esdalik uchun daraxtlarini yekishdi.
Shundan soʻng, ishtirokchilar koʻchatxona faoliyati va infratuzilmasi bilan yaqindan tanishishdi.
Aytish joizki, KOICA kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha 2024–2028 yillarga moʻljallangan boʻlib, uning umumiy qiymati 7,7 mln. AQSh dollarini tashkil etadi.
Toshkent koʻchatchilikka ixtisoslashgan davlat oʻrmon xoʻjaligining Doʻngqoʻrgʻon boʻlimida barpo etilgan mazkur koʻchatxonada 14 ta smart issiqxona mavjud. Uning umumiy maydoni 7 gektardan iborat. Issiqxonalar iqlimga mos sifatli koʻchatlar yetishtirishga moʻljallangan avtomatik ichki muhitni doimiy monitoring qilish uskunalari bilan jihozlangan.
Smart texnologiyalar asosida koʻchat yetishtirish oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish, koʻchat yetishtirish samaradorligini oshirish hamda iqlim oʻzgarishlariga moslashish chora-tadbirlarini amalga oshirishda alohida ahamiyat kasb etadi. Loyiha doirasida mahalliy iqlimga mos koʻchatlar yetishtirish, ularni payvand qilish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish boʻyicha oʻquv-seminarlar tashkil etilmoqda.
Shuningdek, loyihaning amalga oshirilishi oʻrmon xoʻjaligida mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish, yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda turli xil daraxt va buta turlarini koʻpaytirish imkoniyatini yanada kengaytiradi.
Ushbu zamonaviy koʻchatxona katta hajmdagi daraxt va buta koʻchatlarini yetishtirish, oʻrmon xoʻjaliklariga sifatli koʻchatlar yetkazib berish, respublika hududlarida yangi yashil hududlar tashkil etish, oʻrmonlar barpo etish va qayta tiklash hamda qurgʻoqchil hududlarda choʻllanishning oldini olishga xizmat qiladi.
Koreyalik mutaxassislarning taʼkidlashicha, zamonaviy usullarda koʻchatlar yetishtiriladigan ushbu smart issiqxonalar bir qancha afzalliklarga yega.
Asosiysi, bu yerda ilgʻor texnologik uskunalar yordamida suv sezilarli darajada tejaladi. Nihollar yerda yemas, maxsus tuvaklarda yetishtirilishi hisobiga oʻrtacha bir yil ichida ekish uchun tayyor boʻladi. Avtomatik boshqaruv hisobiga qoʻl mehnati kamayadi. Barcha jarayonlar maxsus dastur koʻmagida amalga oshiriladi va natijada koʻchatlarning sifatli rivojlanishiga erishiladi. Eng muhimi, bunday sharoitda maxsus konteynerlarda yetishtirilgan koʻchatlarni togʻli hududlarga yetkazish va ekish ancha oson. Bu jihatlar ham, oʻz navbatida, xarajatlarning kamayishiga xizmat qiladi.
Maʼlumot oʻrnida, Oʻrmon agentligi tasarrufidagi oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida oʻrmonchilik va koʻkalamzorlashtirish ishlari uchun 1 100 tonna daraxt va buta urugʻlari jamgʻarildi. 1 035 gektar maydonda mahalliy tuproq-iqlim sharoitlariga mos 101,6 million tup nihol va koʻchatlar parvarish qilinmoqda.
Bunday keng koʻlamdagi ishlarning natijasi koʻchatlarni toʻgʻri tanlash, sifatli yetishtirish va ekilgandan keyingi parvarishni taʼminlashga bevosita bogʻliq. Pisentda barpo etilgan ushbu aqlli koʻchatxonada joriy etilgan texnologiyalar suvdan samarali foydalanish, koʻchatlarni boshqariladigan muhitda yetishtirish va ularning sifatini oshirish imkonini beradi. Endilikda bunday ilgʻor tajribalarni boshqa oʻrmon xoʻjaliklariga ham joriy etish maqsad qilingan.





