platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jahon

​Binance xakerlik hujumiga uchradi: zarar 6,3 mlrd dollarga baholanmoqda

​Binance xodimlaridan birining noutbuki buzib kirilgani ortidan platformaning xizmat tizimiga ruxsatsiz kirilgan va mablagʻlar yechib olingan. Hujumdan soʻng birjada depozit va pul yechish operatsiyalari vaqtincha toʻxtatildi. Tether, Circle va World Liberty Financial kompaniyalari ham 2,3 milliard dollardan ortiq shubhali aktivlarni muzlatganini maʼlum qildi. 

​Binance xakerlik hujumiga uchradi: zarar 6,3 mlrd dollarga baholanmoqda

​Dunyodagi eng yirik kriptovalyuta birjasi Binance 30 oktabrga oʻtar kechasi xakerlik hujumiga uchradi. Platforma maʼlum qilishicha hodisaga kompaniya xodimlaridan birining noutbuki buzib kirilgani sabab boʻlgan boʻlishi mumkin. Taʼkidlanishicha, xakerlik hujumi orqali jinoyatchilar xizmat konteyneriga kirish imkoniyatini qoʻlga kiritgan va mablagʻlarni ruxsatsiz yechib olishga muvaffaq boʻlgan. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yetkazilgan zarar 6,3 milliard dollarni tashkil etadi.

​«Binance barcha zararlarni qoplaydi. Yehtiyot chorasi sifatida jamoamiz xavfsizlik tekshiruvlarini oʻtkazayotgan, mablagʻlarni muzlatayotgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilayotgan bir paytda barcha depozitlar va mablagʻlarni yechib olish operatsiyalari vaqtincha toʻxtatildi», — deyiladi kompaniya bayonotida.

​Tekshiruv yakunlanganidan soʻng Binance hodisa boʻyicha texnik hisobot va zaxiralar haqidagi yangilangan maʼlumotlarni eʼlon qilishni vaʼda qildi.

​1 oktabr holatiga koʻra, birjaning faqat bitkoinlardagi zaxirasi 54 milliard dollardan oshgan. Bu 691 mingdan ortiq bitkoinga teng. Platformada, shuningdek, 500 dan ortiq kriptovalyuta savdosi amalga oshirilgan.

​Arkham platformasi maʼlumotlariga koʻra, xakerlar tomonidan oʻgʻirlangan aktivlar orasida 1,5 milliard dollarlik bitkoin, 900 million dollarlik Ethereum, shuningdek, qariyb 1,4 milliard dollarlik USDT va USDC steyblkoinlari bor.

​Shu bilan birga, xakerlar oʻgʻirlangan USDT mablagʻlarining bir qismini garov sifatida ishlatib, Aave markazlashmagan moliyaviy xizmatidan WETH tokenida qariyb 44 million dollar qarz olgan.

​Hujumdan soʻng Tether va Circle kriptokompaniyalari vakillari shubhali deb topilgan aktivlardan mos ravishda 1,57 milliard dollardan ortiq va 800 million dollarlik mablagʻ muzlatilganini maʼlum qildi.

​AQSh prezidenti Donald Trampning oila aʼzolari ham hammuassislar qatorida boʻlgan World Liberty Financial kriptokompaniyasi ham 27 million dollar mablagʻ muzlatilganini bildirdi. Bu haqda The Washington Post xabar qilgan.

​TRM Labs tahliliy kompaniyasi qayd etishicha, Binance’ga uyushtirilgan hujum ortida Shimoliy Koreya turishi mumkin. Xususan, xakerlik hujumini KXDR hukumati koʻmagida faoliyat yuritadigan TraderTraitor xakerlar guruhi tashkil etgan boʻlishi ehtimoli bor.

​Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, jinoyatchilar avvalgi Shimoliy Koreya xakerlik hujumlariga xos boʻlgan moliyalashtirish sxemalari va tranzaksiyalarni tayyorlash usullaridan foydalangan. Bunga 2025 yil fevral oyida Bybit kriptovalyuta birjasiga uyushtirilgan va 1,5 milliard dollar zarar yetkazgan hujum ham kiradi.

​Avvalroq AQSh Federal qidiruv byurosi (FQB) ham Bybit birjasiga qilingan hujum ortida TraderTraitor guruhi turganini bildirgan edi.

​Shu bilan birga, Binance kompaniyasi mazkur hodisaga Shimoliy Koreyaning aloqadorligini rasman tasdiqlamagan.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid