Ayrim ehtiyojmand oilalarga 1 million soʻmdan moddiy yordam beriladi
Moddiy yordam 2026/2027 yilgi isitish mavsumida 2026 yil noyabr oyida taqdim etiladi.

“Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor tamoyillariga oʻtish jarayonida aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–236-son, 28.10.2026 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2026/2027 yilgi isitish mavsumida 2026 yil noyabr oyida quyidagilarga 1 mln soʻmdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi:
- Ijtimoiy reyestrga (Reyestr) kiritilgan oilalarga;
- “mahalla yettiligi” xulosasi asosida Reyestrga kiritilmagan, biroq ijtimoiy-iqtisodiy holati boʻyicha Reyestrga kiritish mezonlariga mos keladigan oilalarga, jumladan:
-oiladagi jon boshiga daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 2 barobaridan oshmaydigan oilalarga;
-markazlashtirilgan isitish tizimiga ulangan koʻp qavatli uylarda yashovchi oilalarga. Bunda mazkur oilalarning har bir aʼzosiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda minimal isteʼmol xarajatlarining 2 barobaridan hamda Toshkent shahrida 3 barobaridan oshmasligi lozim;
- barqaror ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha tuman (shahar) shtablari qaroriga muvofiq har bir oila aʼzosiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi yuqorida nazarda tutilgan mezonlardan oshgan ayrim ehtiyojmand oilalarga;
-Oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi hamda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning reyestridagi fuqarolarga, shuningdek, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar yashayotgan oilalarga.





