Surxondaryoda haydovchini taʼqib qilgan YPX xodimiga tekshiruv tayinlandi
YPX inspektori haydovchilik huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan boshqarilayotgan va ishoraga boʻysunmagan Captiva mashinasini kuzatib bborgan. Natijada YTH sodir boʻlgan.

Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida ortidan YPX xodimi quvgan haydovchi YTH sodir qildi. Natijada xodimga nisbatan tekshiruv tayinlandi.
Oltinsoyda sodir etilgan YTH yuzasidan tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib bormoqda. Viloyat YHXB hodisa yuzasidan munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, 2026 yil 18 oktabr kuni Oltinsoy tumani Yangi qurilish mahallasida xizmat faoliyatini olib borayotgan YPX inspektori haydovchilik huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan boshqarilayotgan va qonuniy toʻxtash ishorasiga boʻysunmay harakatini davom ettirgan Captiva mashinasi ortidan xizmat mashinasida kuzatib borgan.
Shu payt Captiva haydovchisi malakasizligi sababli asosiy yoʻldan harakatlanib kelayotgan Gentra mashinasi yoʻliga chiqib ketib, YTH sodir etgan. Oqibatda, Gentra haydovchisi tan jarohati olib, tumani tibbiyot birlashmasiga yetkazilgan.
Hozirda holat yuzasidan Oltinsoy tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Surxondaryo viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan YPX xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.





