"Samarqand nigohi – 2040" BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjati deb eʼlon qilindi
Hujjatda oltita rahbariy tamoyil belgilangan boʻlib, u toʻqqizta ustuvor yoʻnalish boʻyicha chaqiriqlarni oʻz ichiga oladi. Bu oʻrinda, xususan, xalqaro shartnomalarni milliy darajada amalga oshirish, rivojlanish huquqi va ijtimoiy adolat, inklyuziv jamiyat, demografik oʻzgarishlar boʻyicha soʻz boradi.

2026 yil 28-29 sentabr kunlari mamlakatimizda boʻlib oʻtgan Inson huquqlari boʻyicha V Samarqand forumining "Samarqand nigohi – 2040: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yoʻlidagi global hamkorlik" nomli yakuniy hujjati BMT Bosh Assambleyasi 81-sessiyasining rasmiy hujjati (A/81/444) sifatida qabul qilindi.
Hujjat BMTning 6 ta rasmiy tilida eʼlon qilindi.
Yakuniy hujjat muqaddima, olti boʻlim va 24 banddan iborat boʻlib, uning ijrosi uchun “Yoʻl xaritasi” ilova qilingan. Muqaddimada Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktlarning 60 yilligi, Rivojlanish huquqi toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning 40 yilligi hamda Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning 20 yilligi sanalarining muhim ahamiyati alohida taʼkidlangan.

Hujjatda 1993 yilgi Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi, 2030 yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibi va 2024 yilgi Kelajak uchun paktga havola qilingan.
Hujjatda oltita rahbariy tamoyil belgilangan boʻlib, u toʻqqizta ustuvor yoʻnalish boʻyicha chaqiriqlarni oʻz ichiga oladi. Bu oʻrinda, xususan, xalqaro shartnomalarni milliy darajada amalga oshirish, rivojlanish huquqi va ijtimoiy adolat, inklyuziv jamiyat, demografik oʻzgarishlar va avlodlar birdamligi, ayollar huquqlari va iqlim adolati, raqamli muhit va sunʼiy intellekt, atrof-muhit va iqlim oʻzgarishi, fuqarolik mavjud emasligining oldini olish, tinchlik, xavfsizlik va xalqaro gumanitar huquq yoʻnalishlari haqida soʻz bormoqda.
Hujjatda 2040 yilga qadar fuqarolik mavjud emasligi holatlarini sezilarli darajada qisqartirishga intilish, Orol dengizi inqirozining ekologik va ijtimoiy oqibatlariga eʼtibor qaratish talablari aks etgan. Markaziy Osiyo uchun «Ayollar, tinchlik va xavfsizlik» kun tartibini amalga oshirish boʻyicha birinchi Mintaqaviy harakatlar rejasi ishlab chiqilgani olqishlangan.
Hujjatda Oʻzbekistonning 2027–2029 yillarda Qoʻshilmaslik harakatiga raislik qilishi hamda 2031 yilda Oʻzbekistonda Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov boʻyicha BMTning XVI Kongressi oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi qaror maʼqullangan.
Inson huquqlari boʻyicha V Samarqand forumi ishtirokchilari BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissarining “Inson huquqlari boʻyicha global alyans” tashkil etish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.
Ishtirokchilar Samarqand forumini doimiy xalqaro muloqot maydoniga aylantirish va Xalqaro paktlarni amalga oshirish boʻyicha Samarqand raqamli hamkorlik platformasini yaratish tashabbusini ilgari surdi.
Hujjatga ilova qilingan yoʻl xaritasi 8 ta tadbirni oʻz ichiga oladi va indikativ hamda ixtiyoriy xususiyatga ega. Unga koʻra, 2027 yilda ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha koʻrsatkichlar tizimi ishlab chiqiladi va raqamli platforma konsepsiyasi yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkaziladi.
Shuningdek, 2027–2030 yillarda hujjat qoidalarini milliy strategiya va harakat dasturlariga kiritish, 2028 yilda taraqqiyotning birinchi ixtiyoriy sharhini oʻtkazish, 2030 yilda hujjat bilan Barqaror rivojlanish maqsadlari oʻrtasidagi bogʻliqlikni tahlil qilish koʻzda tutilgan.
2036 yilda Xalqaro paktlarning 70 yilligi, Rivojlanish huquqi toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning 50 yilligi va Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning 30 yilligi munosabati bilan yubiley sharhi,oʻz navbatida, 2040 yilda yakuniy ixtiyoriy sharh oʻtkaziladi.
Yakuniy hujjatning bir qator tadbirlari boʻyicha ijrochi sifatida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi belgilangan.





