SafeRoad foydalanuvchilarining shaxsiy maʼlumotlari tarqalgani aytilmoqda
Biroq SafeRoad bu xabarni inkor etdi. Kompaniya munosabatida yozilishicha, tarqatilayotgan maʼlumotlar ilova ishga tushirilishidan avval turli manbalardan yigʻilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Telegram botlarda SafeRoad’ga foydalanuvchilarining maʼlumotlari tarqab ketganligi aytilmoqda. Kompaniya hodisaga rasmiy munosabat berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Yoʻl harakati xavfsizligiga tegishli “Safe Road” ilovasi buzilgani va foydalanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlari Telegram tarmogʻidagi turli anonim botlarda tarqalgani haqida xabarlar paydo boʻldi.
Tarqalgan xabarlarga koʻra, OSINT botlari bazasida ID-karta maʼlumotlari, jarima toʻlash uchun ulangan bank kartalariga oid maʼlumotlar va foydalanuvchilar kirgan qurilmalar haqidagi maʼlumotlar mavjud.
Ammo mazkur SafeRoad kompaniyasi rasmiy munosabat bildirib chiqdi. Unga koʻra, tarmoqlarda ilova foydalanuvchilarining shaxsiy maʼlumotlari tarqalgani haqidagi xabar haqiqatga mos kelmaydi.
Kompaniya munosabatida yozilishicha, tarqatilayotgan maʼlumotlar ilova ishga tushirilishidan avval turli manbalardan yigʻilgan boʻlib, kompaniyaga hech qanday aloqasi yoʻq.
“Foydalanuvchilarimizning shaxsiy maʼlumotlari qonunchilik talablariga muvofiq himoyalangan. Mazkur holat yuzasidan tegishli davlat organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda”, — deyiladi rasmiy munosabatda.
Yeslatib oʻtamiz, joriy yilning 2 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlar va ayrim kanallarda goʻyoki 15 million fuqarolarga tegishli maʼlumotlar sizib chiqqanligi haqida xabarlar tarqalgandi.





