Rogʻun GESida avariya yuz berdi
Rasmiy idoralar mazkur hodisaga texnik suv yigʻish rezervuarlaridan birining yorilishi sabab boʻlganini bildirdi. Rasmiy maʼlumotga koʻra, hech kim jabrlanmagani aytildi.

Tojikistondagi Rogʻun gidroelektr stansiyasi qurilish maydonidagi tunnellardan birida tuproq va toshlar koʻchishi yuz berdi. Hodisa 21 oktabr kuni soat 16:15 atrofida GES qurilishining toʻrtinchi sathidagi tunnelning “B” seksiyasida, sementlash ishlari davomida yuz bergan. Bu haqda Tojikistonning AsiaPlus nashri xabar berdi.
Maʼlumotlarga koʻra, hodisa oqibatida besh nafardan ortiq ishchi jarohatlangan. Biroq jabrlanganlarning ahvoli haqida hozircha rasmiy maʼlumot eʼlon qilinmagan.
Stansiya xodimlaridan biri tunnel yaqinidagi qoyali hududni qazish ishlari davomida tuproq va toshlar toʻplanib qolganini aytgan. Keyinchalik yigʻilgan suv taʼsirida ushbu massa pastga oqib tushgan.
Rasmiy idoralar mazkur hodisaga texnik suv yigʻish rezervuarlaridan birining yorilishi sabab boʻlganini bildirdi. Rasmiy maʼlumotga koʻra, hech kim jabrlanmagan.
Davlat nazorati xizmati hodisa oqibatida GES ishchilaridan hech biri jarohat olmaganini taʼkidlagan. Ularga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilgan, shundan soʻng ishchilar oʻz vazifalarini bajarishga qaytgan.
Eslatib oʻtamiz, Rogʻun GES qurilishi 2035 yilgacha toʻliq yakunlashi kutilyapti.





