Qarshida 21 yoshli qiz jarrohlik amaliyotidan soʻng vafot etdi
Bemorda burun orqali endoskopik usulda gipofiz bezi oʻsmasini olib tashlash amaliyoti bajarilgan. Operatsiyadan bir necha kun oʻtib bemorning ahvoli keskin ogʻirlashgan.

Qarshi shahrida 21 yoshli qiz jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatsiz oʻtkazilgani sababli vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo SSB bayonot berdi.
Aniqlanishicha, shu yilning 14 oktabr kuni Qarshi shahrida istiqomat qilgan, 2005 yilda tugʻilgan L.M. “gipofiz adenomasi” tashxisi bilan Qashqadaryo viloyat koʻp tarmoqli shifoxonasining neyroxirurgiya boʻlimiga yotqizilgan.
Bemorni bir necha yil davomida nafas olishning qiyinlashishi, boʻy oʻsishida orqada qolish, qoʻl va oyoq barmoqlarining yoʻgʻonlashishi kabi alomatlar bezovta qilib kelgan.
Tegishli tekshiruvlar davomida uning gipofiz bezida katta oʻlchamdagi oʻsma aniqlangan. Qolaversa, gormonal tahlillar natijasida oʻsish gormoni miqdori meʼyordan sezilarli darajada ortgani maʼlum boʻlgan.
Shundan kelib chiqib, 16 oktabr kuni poytaxtdan kelgan malakali mutaxassis ishtirokida unda burun orqali endoskopik usulda gipofiz bezi oʻsmasini olib tashlash amaliyoti bajarilgan.
Operatsiyadan soʻng bemor shifokorlar nazoratida boʻlgan. 19 oktabr kuni oʻtkazilgan tekshiruv davomida unda hech qanday asoratlar kuzatilmagan.
Biroq 20 oktabr kuni bemorning ahvoli keskin ogʻirlashib, unda arterial qon bosimining oshishi, hush, nafas olish va yurak faoliyatining buzilishi kuzatilgan. Olib borilgan intensiv davolash muolajalariga qaramasdan 26 oktabr kuni L.M. vafot etgan, deyiladi xabarda.
Hozirda mazkur holat boʻyicha prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Uning natijalari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi.





