Fargʻonada 24 yoshli yigit oʻzini 15-qavatdan tashlab halok boʻldi
Marhum avval shizofreniya tashxisi bilan Fargʻona viloyatidagi ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik markazida bir necha marta davolangan. U oxirgi marta joriy yilning 4 iyuldan 13 oktabrgacha statsionar sharoitda davolangan.

Fargʻonada 24 yoshli yigit koʻp qavatli uyning 15-qavatidan oʻzini tashlashi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Platina.uz`ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov maʼlum qildi.
Prokuratura maʼlumotiga koʻra, voqea joriy yilning 26 oktabr kuni Shaharqishloq mahallasidagi Tarona koʻchasida joylashgan koʻp qavatli uyda sodir boʻlgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki maʼlumotnomasida oʻlimga jigarning majaqlanib yorilishi sabab boʻlgani koʻrsatilgan. Hodisa joyini koʻzdan kechirishda jinoyat izlari yoki shubhali holatlar aniqlanmagan.
Marhum K.J. avval shizofreniya tashxisi bilan Fargʻona viloyatidagi ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik markazida bir necha marta davolangan. U oxirgi marta joriy yilning 4 iyuldan 13 oktabrgacha statsionar sharoitda davolangan.
Hodisa tafsilotlarini aniqlash maqsadida marhum foydalangan Redmi rusumli telefon prokuratura ixtiyoriga daliliy ashyo sifatida olingan. Telefon xotirasidagi maʼlumotlarni tiklash uchun viloyat IIBning kiberxavfsizlik boʻlimiga topshiriq yuborilgan.
Shuningdek, hodisa sodir boʻlgan koʻp qavatli uydagi videokuzatuv kameralari tekshirilganda, ular bir necha oydan beri ishlamayotgani maʼlum boʻlgan, deyiladi Fargʻona shahar prokuraturasi xabarida.
Bildirilishicha, ayni vaqtda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda. Tekshiruv natijalari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi.





