Fargʻonada 100 dan oshiq bolalarning zaharlanishida aybdor deb topilganlarga hukm oʻqildi
Ularga axloq tuzatish ishlari va ozodlikni cheklash bilan bogʻliq jazo tayinlangan va sud zalida qamoqdan ozod qilingan. Fargʻona viloyati sudlari mazkur hukmga izoh berdi.

Fargʻonada 100 nafardan ortiq bolaning ommaviy zaharlanishiga sababchi boʻlgan Garden catering trade MChJ mansabdorlariga hukm oʻqildi. Ularga axloq tuzatish ishlari va ozodlikni cheklash bilan bogʻliq jazo tayinlanib, sud zalida qamoqdan ozod qilindi.
Fargʻonada bolalarning ommaviy zaharlanishi boʻyicha sud hukmiga rasmiy izoh berildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Furqat tuman sudida Fargʻona viloyatida 100 nafardan ortiq bolaning ommaviy zaharlanishiga oid jinoyat ishi taraflarning ishtirokida mazmunan koʻrib chiqildi.
Jumladan, 2026 yil 21 sentabrdagi hukm bilan Garden catering trade MChJ rahbari, texnologi, direktori va hisobchisi oʻz qilmishlari uchun aybli deb topilgan va ularga qonunda belgilangan sanksiya doirasida tegishli jazolar tayinlangan.
Sudlanuvchilar tadbirkorlik subʼekti hisoblanishi, qonunda tadbirkorlik subʼektlariga nisbatan muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi tayinlanmasligini inobatga olgan holda sud tomonidan sudlanuvchilarga muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi tayinlanmagan.
Jazo tayinlashda sudlanuvchilarning qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning toʻliq qoplanganligi, shuningdek, jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari tomonidan daʼvolar mavjud emasligi bildirilganligi inobatga olingan.
Ayni paytda ushbu hukm ustidan shikoyat kelib tushmagan. Shu bilan birga, birinchi instansiya sudining hukmidan norozi boʻlgan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Fargʻona viloyat sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish, shuningdek, protest keltirish huquqiga ega ekanligi maʼlum qilinadi, deyiladi xabarda.





