Toshkent va Fargʻonada katta miqdordagi narkotik moddalar aniqlandi
Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi shaxs uyidan salkam 3 kg gashish moyi topilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan poytaxt IIBB bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan, Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1993 y.t. shaxs toʻxtatilib, xolislar ishtirokida tekshirildi.
Natijada, uning yonida 3 dona kichik hajmdagi idishlarda jami 257 gr gashish moyi borligi aniqlandi.
Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash manzilidan sof ogʻirligi 2 kg 831 gr boʻlgan gashish moyi va elektron torozi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, mazkur shaxsning internet narkodoʻkonda ishlashi ham maʼlum boʻldi.
Bu yoʻnalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat Bojxona va Ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar oʻtkazishdi.
Jumladan, Fargʻona tumanida yashovchi, 1988 y.t. shaxs qoʻshni davlatdan kontrabanda yoʻli bilan keltirilgan 982 gr “gashish” moddasini shartli xaridorga 10700 AQSh dollariga sotmoqchi boʻlgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi, 1997 y.t. fuqaro muqaddam narkokurʼerlar tomonidan qoʻshni davlatdan kontrabanda qilinib, Fargʻona tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 956 gr “gashish” moddasini qabul qilib olib, doimiy yashash manziliga qaytib ketayotgan vaqtida ushlandi.
Hozirda uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.





