"Oʻzbekistonda yaratilgan" kitobi taqdimoti oʻtkazildi
Mazkur nashr mamlakatimiz iqtisodiyotining turli yoʻnalishlarida faoliyat yuritayotgan 30 nafar yirik kompaniya asoschisi va rahbarining hayotiy tajribasi, boshqaruv falsafasi hamda muvaffaqiyatga erishish yoʻllarini oʻzida jamlagan.

OAV uchun Kontent tayyorlash markazida jurnalist muallifi Kirill Altman qalamiga mansub "Oʻzbekistonda yaratilgan" ("Sdelano v Uzbekistane") nomli yangi kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Mazkur nashr mamlakatimiz iqtisodiyotining turli yoʻnalishlarida faoliyat yuritayotgan 30 nafar yirik kompaniya asoschisi va rahbarining hayotiy tajribasi, boshqaruv falsafasi hamda muvaffaqiyatga erishish yoʻllarini oʻzida jamlagan. Muallif bir yil davomida fintex, bank, sanoat, chakana savdo, aviatsiya, media va xizmat koʻrsatish sohalarida oʻz brendini yaratgan yetakchilar bilan suhbatlashgan.

Kitob sahifalaridan Zafar Hoshimov ("Korzinka"), Ulugʻbek Rustamov ("CLICK"), Shuhrat Xudoyqulov ("Uzbekistan Airways"), Nika Kurdiani ("TBC Uzbekistan"), Izzat Shukurov ("Yandex Uzbekistan"), Madina Samigjonova ("Safia") kabi taniqli tadbirkorlarning fikrlari, tajribalari va hayotiy xulosalari oʻrin olgan.
Asar nafaqat biznes vakillari, balki keng kitobxonlar auditoriyasi uchun ham moʻljallangan. Unda tadbirkorlik faoliyatini endi boshlayotgan yoshlar uchun amaliy saboqlar, tajribali rahbarlar uchun esa jamoani rivojlantirish, strategik fikrlash va oʻzgarishlarga moslashish boʻyicha muhim xulosalar mujassam. Muallifning taʼkidlashicha, haqiqiy tadbirkorlik faqat daromad ortidan quvish emas, balki odamlarga ishonch, jamoa va qadriyatlar yaratishdir.

Kitob oʻzbek va rus tillarida, alohida ikki muqovaga ega "teskari kitob" (flip-book) formatida "Oʻzbekiston" nashriyotida 1 500 nusxada chop etilgan. Taqdimot davomida muallif va kitob qahramonlari ishtirokida ochiq muloqot, OAV vakillari uchun savol-javob sessiyasi hamda dastxat ulashish marosimi tashkil etildi.





