platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Iqtisod

Omonatlarni kafolatlash jamgʻarmasi 10,3 trln soʻmga yetdi: kompensatsiya toʻlovlari tezlashtiriladi

Oʻzbekistonda omonatchilar mablagʻlarini himoya qilish uchun shakllantirilgan moliyaviy zaxira hajmi oshdi. 2026 yil 1 oktabr holatiga Omonatlarni kafolatlash jamgʻarmasida 10,3 trln soʻm jamlangan. Bu yil boshidagi koʻrsatkichdan 37,7 foiz koʻp deganidir.

Omonatlarni kafolatlash jamgʻarmasi 10,3 trln soʻmga yetdi: kompensatsiya toʻlovlari tezlashtiriladi

Mazkur raqamlar Toshkentda Omonatlarni kafolatlash agentligi tashkil etgan ochiq muloqotda eʼlon qilindi. Jurnalistlar va blogerlar ishtirok etgan tadbirda toʻqqiz oylik natijalar, kompensatsiya amaliyoti va kelgusi oʻzgarishlar muhokama etildi.

Jamgʻarmaga yanvar–sentabr oylarida banklardan 2,3 trln soʻm badal kelib tushgan. Investitsiyalardan olingan daromad 977 mlrd soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 42,6 foizga oshgan. Mablagʻlarning 91,1 foizi davlat qimmatli qogʻozlariga, 7,4 foizi tijorat banklari depozitlariga, 1,5 foizi davlat tashkiloti qimmatli qogʻozlariga yoʻnaltirilgan. Kafolatlash tizimida 34 ta tijorat banki va bitta mikromoliya banki ishtirok etmoqda.

Agentlik maʼlumotiga koʻra, «Yangi bank» AJ omonatchilariga 1 oktabrgacha 207,5 mlrd soʻm kompensatsiya toʻlangan. Bu agent-bankka ajratilgan mablagʻning 99,4 foizidir. Kafolatlash hodisasidan keyingi 11 ish kunida omonatchilarning 86 foiziga toʻlov amalga oshirilgan. Qolgan mablagʻlar talab qilib olinmagan boʻlib, bunday kompensatsiyalarning oʻrtacha miqdori 45,6 ming soʻmni tashkil etgan.

Toʻlovlar uchun «Biznesni rivojlantirish banki» agent-bank sifatida jalb qilingan. Jismoniy shaxslar identifikatsiyadan oʻtgach, pulni BRB mobil ilovasi orqali kartaga yoki bank markazlaridan naqd olish imkoniga ega boʻlgan. Tadbirkorlar va yuridik shaxslar kompensatsiyani hisobvaragʻiga oʻtkazish orqali olgan. Bu xizmatlar uchun qoʻshimcha haq undirilmagan. Koll-markaz 15 mingdan ortiq murojaatni koʻrib chiqqan. Omonatchilarga toʻlov usullari rasmiy sayt, ijtimoiy tarmoqlar va manzilli SMS-xabarlar orqali ham tushuntirilgan. Toʻlangan summa «Yangi bank» tugatish komissiyasi tomonidan Agentlikka toʻliq qaytarilgan.

2027 yil 1 yanvardan qonun talablari yanada qatʼiylashadi: kafolatlash hodisasidan keyin yetti ish kuni ichida omonatchilarning kamida toʻrtdan uch qismiga kompensatsiya olish imkoniyati yaratilishi lozim. Shu maqsadda banklar bilan maʼlumot almashish, reyestrlarni tekshirish va hisob-kitoblarni avtomatlashtirish ustida ishlanmoqda. Markaziy bank va Jahon banki mutaxassislari bilan koʻrib chiqilayotgan nizom loyihasida maʼlumotlarni yagona standartda shakllantirish hamda toʻlanadigan summalarni tez hisoblash tartibi nazarda tutilgan.

Raqamlashtirishga Koreya xalqaro hamkorlik agentligi — KOICA ham jalb qilinmoqda. Agentlikning uch yillik loyihasi 5 mln AQSh dollarlik grant hisobidan moliyalashtirish uchun tanlangan. Rejalashtirilgan yagona axborot tizimi kompensatsiya, bank badallari, investitsiyalar va monitoringni birlashtiradi. Texnik talablar Koreya depozitlarni sugʻurtalash korporatsiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda.

Banklar badallarini tavakkalchilikka qarab farqlash mexanizmi ham joriy etildi. U depozitlar boʻyicha foiz siyosatiga xos tavakkalchiliklarni hisobga olishga xizmat qiladi. Agentlik bozordagi oʻrtacha tortilgan stavkalarni har oy hisoblab, banklar va Markaziy bankka yetkazmoqda. Milliy valyutadagi omonatlarning oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi toʻqqiz oyda 22,8 foizdan 20,4 foizga tushgan. Jahon banki va Markaziy bank ekspertlari bilan yanada keng qamrovli baholash modeli tayyorlanmoqda.

Ayni paytda tizim haqidagi xabardorlik darajasi past ekani aniqlangan. Hududlarda 2 ming respondent ishtirokida oʻtkazilgan soʻrovda bazaviy xabardorlik indeksi jismoniy shaxslarda 2,9, tadbirkorlarda 5,8 foizni tashkil qilgan. Shu bois 2027–2030 yillarga moʻljallangan axborot strategiyasi ishlab chiqilgan. Unda sodda tushuntiruvchi materiallar, hududiy axborot kanallari hamda OAV va blogerlar bilan hamkorlikka urgʻu berilgan.

Agentlik 14 ta xorijiy tashkilot bilan hamkorlik qiladi, xalqaro tajriba asosida islomiy omonatlarni kafolatlash konsepsiyasini tayyorlamoqda. Oktabrda Buxoroda besh davlat vakillari ishtirokida seminar oʻtkazildi. Shuningdek, 31 oktabr — Butunjahon jamgʻarish kuni munosabati bilan aholi, jurnalistlar va blogerlar uchun tanlovlar rejalashtirilgan.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid