"Dok-1 Maks" va "Ambronol" jabrlanuvchilariga kompensatsiya toʻliq toʻlab berildi
Prezident topshirigʻi bilanbyudjetdan ajratilgan 65,2 milliard soʻm mablagʻ aybdor shaxslarning mol-mulkini sotishdan tushgan va ulardan undirilgan mablagʻ hisobidan respublika byudjetiga qaytariladi.

Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha sudining ijro hujjatlariga koʻra, "Dok-1 Maks" va "Ambronol" dori vositalari isteʼmoli natijasida jabrlangan oilalarga Majburiy ijro byurosi tomonidan 90 nafar jabrlanuvchi foydasiga jami 82 milliard soʻm kompensatsiya toʻlovi undirilishi belgilangan edi.
Biroq aybdorlarning xatlangan mol-mulkini sotish jarayoni belgilangan muddatdan choʻzilgani sababli bugungi kunga qadar ushbu mablagʻning 20 foizi, yaʼni 16,8 milliard soʻm toʻlangan, xolos. Kompensatsiyaning qolgan qismi esa bir necha yildan buyon toʻlanmay kelgan.
Shu bois Prezident tomonidan jabrlangan oilalarga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni toʻliq qoplab berish ishlarini tezlashtirish boʻyicha tegishli topshiriq berildi.
Shunga asosan davlat byudjetidan 65,2 milliard soʻm ajratildi. Shu tariqa bugunga qadar 88 nafar jabrlanuvchiga jami 80 milliard soʻm, shu jumladan, vafot etgan 72 nafar bola oilalariga 72,2 milliard soʻm, davolangan va davolanayotgan 16 nafar bola oilalariga esa 7,8 milliard soʻm toʻlandi.
Bank kartalari bilan bogʻliq texnik masalalar hal etilgandan soʻng 2 nafar bola oila aʼzolariga ham qolgan 2 milliard soʻm toʻliq toʻlab beriladi.
Byudjetdan ajratilgan 65,2 milliard soʻm mablagʻ aybdor shaxslarning mol-mulkini sotishdan tushgan va ulardan undirilgan mablagʻ hisobidan respublika byudjetiga qaytariladi.
Ayni paytda Sogʻliqni saqlash vazirligi, tegishli davlat tashkilotlari va idoralari masʼullari respublika tibbiyot markazlari shifokorlari bilan birgalikda jabrlangan oilalarning holidan xabar olib, bolalarga qoʻshimcha zarur tibbiy va psixologik yordam koʻrsatish choralarini koʻrmoqda.





