Buxoroda yosh qizga uyatsiz harakatlar sodir etgan shaxsga jinoyat ishi ochildi
Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida 8 yoshli qizga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Hodisa 23 oktabr kuni sodir boʻlgan. Fuqaro Sh. R. 8 yoshli qizga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilgani aniqlangan.
Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 129-moddasi 3-qismi (Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda, jarayon prokuratura nazoratiga olingan.
Tumandagi "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan jabrlangan qizning holati oʻrganilib, unga zarur ijtimoiy va psixologik yordam koʻrsatish choralari koʻrilmoqda, deyiladi agentlik xabarida.





