AQSh Oʻzbekistonga nega qiziqmoqda? Konsul Ahror Burhonov bilan suhbat
Marko Rubioning Samarqandga tashrifi Oʻzbekiston va AQSh munosabatlarida yangi imkoniyatlarni ochib beradimi? Amerikalik tadbirkorlarning qiziqishi, investitsiyalarni himoya qilish, turizm va oʻzbekistonliklar uchun AQSh vizalarini olish masalalari ikki tomonlama hamkorlikning muhim yoʻnalishlaridan hisoblanadi. Oʻzbekistonning AQSh bilan aloqalari va Green Card lotereyasi boʻyicha vaziyat yuzasidan Vashingtondagi konsul Ahror Burhonov bilan suhbatlashdik.

Soʻnggi besh yilda Oʻzbekistonning AQSh va Yevropa davlatlari bilan iqtisodiy hamda siyosiy aloqalarini kengaytirish jarayoni kuzatildi. Oʻzbekiston fuqarolarining Yevropaning ayrim davlatlarida mehnat qilishi, AQSh fuqarolari uchun esa Oʻzbekistonda 30 kungacha vizasiz boʻlish tartibining joriy etilishi ikki tomonlama aloqalarning rivojlanib borayotganini koʻrsatuvchi omillardan hisoblanadi.
19 oktabr kuni AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning Samarqandga tashrifi va C5+1 formatidagi sammitda Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvi xalqaro media eʼtiborini tortdi. Rubioning Oʻzbekistonga tashrifi qanday siyosiy va iqtisodiy ahamiyatga ega? Xorijiy investorlarning mamlakatga qiziqishida soʻz erkinligi, inson huquqlari va huquqiy kafolatlar masalalari qanday oʻrin tutadi? Oʻzbekiston fuqarolari uchun AQSh vizalarini olish tartibi yengillashtirilishi mumkinmi? Platina.uz shu va boshqa savollarga Oʻzbekistonning Vashingtondagi bosh konsuli Ahror Burhonovdan javob oldi.
Jurnalist: Assalomu alaykum, Ahror aka. Vaqt ajratganingiz uchun rahmat. Mana, AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning Oʻzbekistonga, xususan, Samarqandga tashrifi, uning C5+1 formatidagi sammitda ishtirok etishi va undan keyin Markaziy Osiyo davlatlarining har biri tashqi ishlar vazirlari bilan alohida uchrashuvlari jahon xalqaro mediasida keng muhokama qilindi. Oʻzbekistonning AQSh bilan yaqinlashayotgani va oʻrtada imzolangan 12 milliard dollarlik shartnoma haqida gap ketmoqda. Marko Rubioning Samarqandga tashrifi Oʻzbekiston va mintaqa uchun aslida qanchalik muhim?
Ahror Burhonov: Assalomu alaykum. Taklif qilganingiz uchun katta rahmat. Bu, rostdan ham, juda tarixiy tashrif boʻldi. Bunday tashrif anchadan beri muhim edi. Oʻzbekiston dunyoga ochilganidan, xalqaro hamkorligini kengaytirib, xalqaro hamkorlar bilan qoʻshma loyihalar portfelini kengaytirayotganidan kelib chiqadigan boʻlsak, bu, aslida, tabiiy jarayon.
Yaʼni, tahlil qiladigan boʻlsak, Oʻzbekistonning aloqalari faqatgina bitta mintaqa bilan emas, dunyodagi barcha mintaqalar bilan rivojlanib bormoqda. Qaysi mamlakatni olmaylik, dinamikamiz ijobiy koʻrsatkichda. Shu oʻrinda Shimoliy va Janubiy Amerika mamlakatlari, ayniqsa, AQSh bilan ham aloqalar rivojlanishi kerak edi.
Aloqalarimiz dinamikasi ijobiy, lekin maʼlum bir mintaqalar bilan solishtirganda, ayrim koʻrsatkichlarimiz, investitsion hamkorligimiz yoki savdo koʻrsatkichlarimiz biroz kamroq tuyulishi mumkin.
Shuning uchun ham hozirgidek tashriflar, Marko Rubio boshchiligidagi delegatsiyaning kelishi muhim. Bu nafaqat AQSh hukumati delegatsiyasi, balki Marko Rubio 300 ta kompaniya vakillari bilan birgalikda Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Bu Amerikaning Oʻzbekistonga bildirayotgan ishonchini koʻrsatadi. Yaʼni, amerikalik tadbirkorlar Oʻzbekistonda oʻz ishlarini yoʻlga qoʻyishga tayyorligini namoyon etmoqda.
Biz tadbirkor boʻlmagan odamlarni, tadbirkorlar sinfiga kirmaydigan vakillarni Oʻzbekistonga yoki istalgan mamlakatga olib kelishimiz, jalb qilishimiz mumkin. Lekin hech qachon tadbirkorni, yaʼni biznes bilan shugʻullanadigan, pulning qadriga yetadigan, investitsiya bilan shugʻullanadigan insonni imkoniyat koʻrmasa, hech qaysi mamlakatga tashrif buyurishga koʻndira olmaysiz. Foyda yoki manfaat koʻrmasa, baribir kelmaydi.
Albatta, ular uchun har bir daqiqa sarmoya, pul, yaʼni yoʻqotilgan imkoniyat boʻlishi mumkin. Shuning uchun hozirgi kunda Oʻzbekistonga bunday katta delegatsiyaning kelishi, ayniqsa, tadbirkorlarning keng qiziqishi Oʻzbekistonga boʻlgan ishonch ortib borayotganini koʻrsatadi.
Biz soʻnggi yillardagi dinamikani koʻrishimiz mumkin. 2016 yilda Oʻzbekistonda 4 mingta xorijiy kompaniya faoliyat yuritgan boʻlsa, hozirgi kunda ularning soni 20 mingga yetdi. Yaʼni, xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalar soni besh karra oshdi. Bunday holat jahon iqtisodiyotida ham deyarli kuzatilmaydi. Bu juda kuchli natija.
Biz ushbu natijalar haqida hamkorlarimizga, amerikalik doʻstlarimizga yoki Oʻzbekistondan unchalik xabardor boʻlmagan tadbirkorlar va rasmiy idoralar vakillariga maʼlumot berganimizda, ular juda ijobiy maʼnoda hayratlanishadi. «Qanday qilib Oʻzbekiston bunday katta natijaga erishyapti?» deb soʻrashadi.
Jurnalist: Ahror aka, shu vaqtgacha amerikalik, yevropalik yoki boshqa xorijiy davlatlardan kelgan tadbirkorlar Oʻzbekistonga investitsiya olib kirayotganda maʼlum shartlar qoʻygan. Ular orasida soʻz erkinligi va huquqiy erkinlik masalalari ham tilga olinadi.
Hozir siz aytganingizdek, Marko Rubio bilan birga 300 ga yaqin amerikalik tadbirkor keldi. Boʻndan kelib chiqib, amerikalik tadbirkorlar Oʻzbekiston hukumatiga ishonganini, Oʻzbekiston hukumati ham ularning investitsiyalarini muhofaza qilish va huquqlarini taʼminlash boʻyicha muayyan kafolatlar berganini ayta olamizmi?
Ahror Burhonov: Juda ham yaxshi savol. Ishonch ortganmi, deysizmi? Qisqa maʼnoda, ha.
Tahlilchilarimiz koʻp yillar davomida inson huquqlari, soʻz erkinligi va Oʻzbekistondagi demokratik holat haqida gapirib kelishadi. Bu mavzular Amerika yoki Gʻarb mamlakatlari kun tartibidan tushib qolgan emas. Ular hali ham kun tartibida turibdi.
Lekin nima uchun bu masalalar hozirgi kunda Oʻzbekistonda koʻtarilmayapti yoki ularga eʼtibor berilmayaptimi, degan savol tugʻilishi mumkin.
Masalan, siz hozir menga toʻgʻridan toʻgʻri murojaat qildingiz: «Ahror aka, intervyu bering», dedingiz. Hech qanday cheklovsiz intervyu beryapmiz, siz bilan gaplashyapmiz. Yaʼni, soʻz erkinligi nuqtai nazaridan Oʻzbekistonda juda katta islohotlar boʻldi.
Hozir har qanday davlat idorasi vakiliga murojaat qilib, oʻzingizga kerakli izohni olishingiz, istalgan mavzuda intervyu qilishingiz mumkin. Savolingizga javob olishingiz mumkin. Bu, birinchidan.
Ikkinchidan, demokratik islohotlar. Oʻzbekistonda soʻnggi oʻn yil ichida juda katta islohotlar amalga oshirildi. Har qanday sohada demokratik islohotlar oʻz natijasini berayotgani yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Shunday sharoitda bu masalalarga ortiqcha eʼtibor berish yoki asosiy eʼtiborni ularga qaratishga hojat qolmayapti. Chunki Oʻzbekiston hukumati oʻzi bu masalalarga eʼtibor qaratmoqda. Hukumatning oʻzi har bir sohada demokratik rivojlanish tamoyillariga ustuvor yoʻnalish sifatida katta eʼtibor berayotgani natijasida kun tartibida bu masalalarni koʻtarishga ehtiyoj qolmayapti.
Shuning uchun hozirgi kunda asosiy imkoniyatlarimizdan foydalanishimiz kerak boʻlgan masala — iqtisodiy diplomatiya. Yaʼni, iqtisodiy yoʻnalishdagi hamkorlikni qanchalik rivojlantirsak, bu ham Oʻzbekiston, ham xorijiy hamkorlar uchun manfaatli boʻladi.
Jurnalist: Ahror aka, turli xalqaro media nashrlari, jumladan, turizmga yoʻnaltirilgan National Geographic, BBC va boshqa xalqaro nashrlarda Oʻzbekistonga xalqaro turistlarning qiziqishi ortib borayotgani haqida yozilmoqda.
Markaziy Osiyoda, xususan, Oʻzbekiston soʻnggi vaqtlarda turizm iqtisodiyotini rivojlantirish va yangi imkoniyatlarni ochib berayotgan davlat sifatida eʼtirof etilmoqda.
Statistikaga qarasak, AQSh fuqarolari uchun ham Oʻzbekistonda 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilingan. Sizningcha, amerikaliklar va boshqa xorijliklarni Oʻzbekistonning qaysi jihatlari oʻziga jalb qilmoqda? Turizmmi yoki ularning eʼtiborini tortadigan boshqa loyihalar va omillar ham bormi?
Ahror Burhonov: Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyat orasida turistlarni jalb qilish imkoniyatlari juda keng.
Birinchidan, bu bizning juda boy tariximiz. Ikkinchidan, madaniyatimiz. Uchinchidan, hozirgi kunda turizmning turli yoʻnalishlarida infratuzilmaning rivojlanishi va yangi imkoniyatlarning yaratilishi.
Yaʼni, hozir Oʻzbekistonga nafaqat tarix yoki madaniyat bilan tanishish uchun, balki sport turizmi doirasida ham kelish mumkin. Yozgi yoki qishki turizm, shuningdek, yashil turizm yoʻnalishlarida ham imkoniyatlar mavjud. Umuman olganda, imkoniyatlar koʻp.
Endi bevosita Amerika haqida gapiradigan boʻlsak, amerikalik fuqarolarni xorijga sayohatga chiqarishning oʻzi ham alohida masala. Chunki Amerika fuqarolarining 80 foizi hech qachon xorijga chiqish pasportini ham olmagan. Demak, aholining katta qismi xorijga chiqmagan.
Xorijga chiqadigan 20 foiz aholining ichida ham Oʻzbekistonni tanlaydiganlar bor. Masalan, biz hozir Sietlda oʻtiribmiz. Vaqt farqimiz 12 soat. Bu dunyoning narigi chekkasi, yaʼni bir tarafda Amerika, ikkinchi tarafda Oʻzbekiston.
Lekin hozirgi kunda Amerikadan Oʻzbekistonga turist yuboradigan eng yirik kompaniya Sietlda joylashgan. Oʻtgan yili ushbu kompaniya Oʻzbekistonga 3 mingta turist yubordi va yildan yilga turizm koʻrsatkichi kamida 15–20 foizga oshmoqda.
Nima uchun bu koʻrsatkich oshmoqda, degan savolga birinchi navbatda infratuzilma imkoniyatlarimiz kengayayotganini aytish mumkin. Oʻtgan yili viza rejimining bekor qilingani, hozirgi kunda xorijiy turistlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, kontentlarimizning ingliz tilida boʻlishi va Oʻzbekistonning ochiqligi, turli sohalardagi islohotlar bunga xizmat qilmoqda.
Hozirgi kunda amerikalik turistlar Oʻzbekistonga borishdan xavotir olmayapti. Ular uchun toʻsiqlar kamaygan.
Albatta, qiladigan ishlarimiz hali koʻp. Hozirgacha katta natijalarga erishgan boʻlsak-da, bundan keyin ham koʻp ish qilishimiz kerak. Jumladan, mehmonxona sohasini rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash, transport va logistika masalalarini hal qilish zarur.
Lekin dinamika juda yuqori. Shu hisobiga turistlar soni bir necha karra oshib bormoqda.
Jurnalist: Ahror aka, yuqorida amerikaliklar uchun viza rejimi bekor qilinganini aytdingiz. Oʻzbekiston fuqarolari uchun ham viza olish jarayonini yengillashtirish choralari koʻrilyaptimi?
Ahror Burhonov: Albatta. Bu bizning doimiy faoliyatimizga kiradi. Amerika boʻladimi yoki boshqa mamlakatmi, Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari fuqarolarimizning oʻsha mamlakatda boʻlish tartiblarini, u mamlakatga kirish shartlarini yengillashtirish boʻyicha doimiy ravishda ishlashadi.
Vashington shahridagi elchixonamiz, Nyu-Yorkdagi vakolatxonamiz va boshqa diplomatik muassasalarimiz bu borada faoliyat olib boradi. Yaqinda Sietlda ham konsullik ochildi. Bu bizning doimiy kun tartibimizdagi mavzulardan biri.
Asosan, Vashingtondagi elchixonamiz Davlat departamenti bilan toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlik qiladi. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham elchixona orqali Amerika tomoni bilan hamkorlik olib boradi. Hozirgi kunda muzokaralar kun tartibida bu mavzu ham bor.
Shu bilan birga, statistikaga yana murojaat qiladigan boʻlsak, Oʻzbekiston fuqarolarining viza tartiblarini buzish koʻrsatkichlarini ham pasaytirishga harakat qilishimiz kerak.
Shu oʻrinda fuqarolarimizdan bir narsani soʻrab qolardik: koʻp holatlarda odamlar bilmasdan viza olgandan keyin qolish muddatlarini buzib qoʻyishlari yoki belgilangan muddatdan ortiq qolib ketishlari mumkin.
Masalan, keng tarqalgan holatlardan biri — viza olinadi, pasportga tegishli muhr qoʻyiladi va vizada muddatlar koʻrsatiladi. Lekin shu bilan birga, Amerika hududiga kirib kelganda, mamlakat ichida boʻlish muddati alohida belgilanadi.
Amerikaga kirganingizdan keyin ham qancha muddat qolishingiz mumkinligini tekshirish muhim. Buni elektron tarzda tekshirish mumkin. Fuqarolarimizdan iltimos qilardikki, ushbu maʼlumotni tekshirib qoʻying. Ertaga mamlakatdan chiqib ketayotganingizda qonun-qoidalarni buzmagan boʻlsangiz, keyingi safar viza olishingiz ancha osonlashadi.
Shu bilan birga, fuqarolarimiz viza olgandan keyin qolish muddatlarini qanchalik kam buzishsa, Oʻzbekiston fuqarolariga viza berish imkoniyatlari ham shunchalik kengayadi.
Aksincha, viza olgandan keyin belgilangan muddatdan ortiq qolish yoki kechikib chiqib ketish holatlari davom etsa, hali biror marta viza olmagan, lekin viza olish uchun ariza topshirgan fuqarolarimizning ham viza olish imkoniyatlari qiyinlashadi.
Menimcha, boshqa bir davlat chegarasi orqali AQSh hududiga noqonuniy kirishga urinishni ham tavsiya qilmasligimiz kerak.
Siz jurnalist sifatida bu masalani diplomatik tarzda aytdingiz. Yaʼni, asosan, Meksika orqali Amerikaga kirishga urinish holatlari haqida gap ketmoqda. Amerika rahbariyatining maʼlumotlariga qaraganda, oxirgi 17 oy ichida bu chegara orqali birorta ham odam oʻtmagan. Bu chegaradan oʻtgan insonlar yaxshi biladi: bu juda ogʻir jarayon.
Bundan tashqari, Amerikaga kirgandan keyin ham politsiya tomonidan ushlangan taqdirda deportatsiya qilinish ehtimoli mavjud.
Barcha ishlar qonun-qoidalar asosida amalga oshirilsa, ertaga xalqimizning koʻngli xotirjam boʻladi. Mehnatini ham qiladi, turizmini ham rivojlantiradi, ikki mamlakat oʻrtasida bemalol borib-kelish imkoniyati boʻladi.
Jurnalist: Ahror aka, AQSh prezidenti Donald Tramp saylangandan keyin Green Card masalasi ham maʼlum maʼnoda muammoga aylandi. Dastlab uning uchun bir million dollar, yaʼni 10 million dollar miqdorida toʻlov belgilanishi haqida gaplar boʻldi. Undan keyin pasport maʼlumotlarini yuklash talabi paydo boʻldi. Bu jarayonlarda muddatlar ham uzaytirildi.
Yaqinda, adashmasam, sud ham Green Card lotereyasi masalasini yana oʻrtaga chiqardi va Trampning qarorini bekor qildi. Hozir ham Green Card lotereyasi boʻyicha rasmiy eʼlon berilmadi, yaʼni unda qatnashish mumkin yoki mumkin emasligi haqida aniq maʼlumot yoʻq. Hozirgi vaziyat qanday? Bu borada maʼlumotingiz boʻlsa, ayta olasizmi?
Ahror Burhonov: Hozirgi kunda Green Card masalasi boʻyicha Amerika hukumati tomonidan rasman eʼlon berilmadi. Buni eʼlon qilishlarini kutganimiz maʼqul. Chunki rasmiy eʼlon berilganda qaysi mamlakatlar fuqarolari bu imkoniyatdan foydalanishi mumkinligi va qaysi muddatlarda ariza topshirish kerakligi haqida aniq maʼlumot boʻladi.
Hozirgi kunda, menimcha, Amerika hukumatining rasmiy maʼlumotlarini kutganimiz maʼqul.
Shu bilan birga, yana bir narsani aytishimiz, fuqarolarimizni ogohlantirishimiz kerak. Afsuski, shunga oʻxshash vaziyatlarda ayrim noinsof odamlar pul ishlash maqsadida yolgʻon maʼlumotlarni tarqatishi, yordam berishni vaʼda qilishi yoki arizalarni rasmiylashtirib berishini aytishi mumkin.
Bir narsani yana bir bor eslatamiz: hech kim Green Card masalasida sizga hech qanday kafolat bera olmaydi. Viza olish jarayonida ham hech kim sizga bunday imkoniyatni kafolatlay olmaydi.
Shuning uchun fuqarolarimizdan iltimos qilib qolamiz: firibgarlarning yolgʻon vaʼdalariga uchmang, hech kimga pul bermang. Amerika hukumati Green Card lotereyasida qatnashish uchun vositachilarga pul toʻlashni talab qilmaydi. Shu bois faqat rasmiy manbalarga ishonishingizni soʻrab qolamiz.
AQShda Green Card lotereyasi boʻyicha hali rasmiy eʼlon berilmagan boʻlsa-da, Oʻzbekistondagi ayrim ijtimoiy tarmoqlarda lotereyada qatnashish uchun arizalar qabul qilish boshlanganiga oid eʼlonlar tarqalmoqda.
Bunday holatlarda faqat birlamchi, yaʼni rasmiy manbalarga murojaat qilish kerak. Firibgarlarning vaʼdalariga ishonmaslik lozim. Rasmiy maʼlumot eʼlon qilinmagan boʻlsa, demak, hech kim bu masalani siz uchun hal qilib bera olmaydi. Rasmiy maʼlumot eʼlon qilingandan keyin ham faqat birlamchi manbalarga asoslanib harakat qilish maqsadga muvofiq.
Jurnalist: Rahmat, Ahror aka, vaqt ajratganingiz uchun. Savollarimiz nihoyasiga yetdi. Sizga rahmat, salomat boʻling.





