Toshkentda "InnoWeek–2026" xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi rasman ochildi
Bu yilgi haftalikka 30 dan ortiq davlatdan 200 nafarga yaqin vakil, 50 ga yaqin xalqaro kompaniya, oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, venchur fondlar, moliya tashkilotlari va boshqa hamkorlar ishtirok etmoqda. Mazkur tadbir xalqaro ilmiy-texnologik aloqalarni kengaytirish, ilgʻor tajribalarni oʻrganish va istiqbolli qoʻshma loyihalarni muhokama qilish uchun muhim maydon hisoblanadi.

Poytaxtimizda Taʼlim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan "Oʻzgarayotgan dunyo uchun innovatsiyalar" shiori ostida tashkil etilgan "InnoWeek–2026" xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi rasman ochildi.
Uch kun davomida ilm-fan yutuqlari, zamonaviy texnologiyalar, istiqbolli ishlanmalar va yangi biznes gʻoyalar namoyish etiladi. Shuningdek, mahalliy va xorijiy hamkorlar oʻrtasida tajriba almashish hamda yangi loyihalarni yoʻlga qoʻyish uchun imkoniyatlar yaratiladi.
Haftalikning ochilish marosimida Taʼlim va ilm-fan vazirining birinchi oʻrinbosari Oybek Yoʻldoshev, vazirlik va idoralar rahbarlari, xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari vakillari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari rahbarlari, xalqaro va mahalliy ilmiy markazlar olimlari, texnologiya sohasi ekspertlari, startap ekotizimi vakillari, yosh innovatorlar, ixtirochilar, tadbirkorlar hamda investorlar ishtirok etmoqda.

Ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar "InnoWeek" haftaligining ilmiy tadqiqotlar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish, qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish va mamlakatning innovatsion salohiyatini roʻyobga chiqarishdagi ahamiyatini taʼkidladilar. Shuningdek, mamlakatimiz olimlari va ilmiy muassasalarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ilmiy izlanishlarni iqtisodiyotning real ehtiyojlariga yoʻnaltirish hamda zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirish muhimligi qayd etildi.
Bu yilgi haftalik xalqaro ishtirok koʻlami va namoyish etiladigan ishlanmalar xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Unda Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, AQSh, Kanada, Italiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Singapur, Germaniya, Fransiya, Shveysariya, Hindiston, Eron, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston kabi 30 dan ortiq davlatdan 200 nafarga yaqin vakil, 50 ga yaqin xalqaro kompaniya, oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, venchur fondlar, moliya tashkilotlari va boshqa hamkorlar ishtirok etmoqda. Mazkur tadbir xalqaro ilmiy-texnologik aloqalarni kengaytirish, ilgʻor tajribalarni oʻrganish va istiqbolli qoʻshma loyihalarni muhokama qilish uchun muhim maydon hisoblanadi.
.jpg)
Haftalikning asosiy yoʻnalishlaridan biri — innovatsion ishlanmalar koʻrgazmasi. 15 ming kvadrat metrdan ortiq maydonda tashkil etilgan koʻrgazmada jami 265 ta eksponent, jumladan, 225 ta mahalliy va 40 ta xorijiy ishtirokchi oʻz mahsulot va ishlanmalarini taqdim etmoqda. Koʻrgazma hududida 12 ta blok va 240 ta stend tashkil etilib, 750 ta innovatsion mahsulot namoyish qilinmoqda.
Koʻrgazmada oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, innovatsion tadbirkorlik subʼektlari, spin-off kompaniyalar, yosh startapchilar, Yashnobod texnoparki va hududiy yoshlar texnoparklari, Jahon bankining MUNIS loyihasi ishtirokchilari, ixtirochilar va ratsionalizatorlar oʻz ishlanmalarini namoyish etmoqda. Shuningdek, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Germaniya, Vengriya va Qozogʻiston vakillari oʻz texnologiyalari va innovatsion yechimlarini taqdim etmoqda. Bu tashrif buyuruvchilarga mahalliy ishlanmalar bilan tanishish, xorijiy tajribani oʻrganish va yangi hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish imkonini beradi.
Uch kun davomida haftalik dasturidan oʻrin olgan jami 21 ta tadbir doirasida ilm-fan, innovatsion tadbirkorlik va xalqaro hamkorlikning turli yoʻnalishlari qamrab olinadi. Xususan, 6 ta xalqaro va mahalliy forum, 5 ta taqdirlash marosimi, 3 ta sessiya, 2 ta Demo Day, 2 ta taqdimot, 1 ta konferensiya hamda 2 ta ilmiy muloqot va davra suhbati oʻtkaziladi.
Tadbirlar doirasida olimlar, tadqiqotchilar, tadbirkorlar va investorlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot yoʻlga qoʻyilib, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish, ularni tijoratlashtirish va yangi loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Haftalikning yana bir muhim yoʻnalishi — xalqaro biznes hamkorligini rivojlantirish. B2B uchrashuvlar orqali mahalliy korxonalar xorijiy kompaniyalar bilan aloqalar oʻrnatish, oʻzaro manfaatli takliflarni muhokama qilish va qoʻshma loyihalar boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishish imkoniyatiga ega boʻladi. Bunday uchrashuvlar ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, innovatsion mahsulotlarni bozorga olib chiqish hamda xalqaro biznes aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi.
"InnoWeek–2026" doirasida ilmiy va taʼlim tashkilotlarining moddiy-texnik imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan amaliy tashabbus ham amalga oshiriladi. Jumladan, oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga Koreyada ishlab chiqarilgan, ekologik toza siqilgan tabiiy gazda ishlaydigan 50 ta traktor begʻaraz topshiriladi.
Shuningdek, ilm-fan va innovatsiya sohasida samarali natijalarga erishgan olimlar, ixtirochilar, tadqiqotchilar va yosh innovatorlarni ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Haftalik doirasida "Hududning eng yaxshi 100 ta innovatsion loyihasi", "Eng yaxshi oliy taʼlim ixtirochisi" va intellektual faoliyat yoʻnalishidagi tanlovlar gʻoliblari taqdirlanadi. Bundan tashqari, "Innovatsion gʻoyalar yetakchisi" koʻkrak nishoni sohiblari eʼtirof etiladi. Ushbu marosimlar ilmiy izlanishlar va yangi gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash, innovatsion faollikni oshirishga xizmat qiladi.
Haftalik tashrif buyuruvchilar, jumladan, talabalar, bolalar va ota-onalar uchun ham qiziqarli boʻlishi koʻzda tutilgan. Shu maqsadda bolalar hududi, virtual sayohat imkonini beruvchi VR maydoni va innovatsion koʻngilochar oʻyinlar tashkil etilgan. Natijada tashrif buyuruvchilar zamonaviy texnologiyalar bilan tanishish bilan birga, ularning imkoniyatlarini interaktiv shaklda sinab koʻrishlari mumkin.

"InnoWeek–2026" ilmiy gʻoyalarni amaliy yechimlarga aylantirish, mahalliy ishlanmalarni xalqaro maydonga olib chiqish va ilm-fan bilan biznes oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Haftalik olimlar, tadqiqotchilar, talabalar, yosh innovatorlar, startap asoschilari, tadbirkorlar va investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratib, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish sari yoʻl ochadi.


