Toshkentda xususiy korxona xodimi yonib ketdi
Ikki nafar yigit turli darajadagi kuyish jarohatlarini olgan. Ularga tibbiy yordam koʻrsatilmoqda. "Hodisaga huquqiy baho beriladi hamda oʻrganish yakunlari boʻyicha aybdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar koʻriladi", deyiladi hokimlik xabarida.

Toshkent elektr xizmati xodimi yonib ketgani videosi tarqaldi. Toshkent shahar hokimligi hodisa boʻyicha maʼlumot berdi.
Aytilishicha, hodisa Parkwood turar joy majmuasida sodir boʻlgan. "Toshkent shahar elektr tarmoqlari" MChJ Toshkent shahar Mirobod tumani Nukus koʻchasida joylashgan transformator punkti isteʼmolchi balansida boʻlib, "Toshkent shahar elektr tarmoqlari" MChJ, jumladan, Mirobod tumani elektr taʼminoti korxonasi balansiga tegishli emas.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, hodisa isteʼmolchiga xizmat koʻrsatuvchi xususiy korxona xodimlari tomonidan olib borilayotgan taʼmirlash ishlari vaqtida yuz bergan: fazalararo qisqa tutashuv sodir boʻlgan.
Aniqlanishicha, ikki nafar yigit turli darajadagi kuyish jarohatlarini olgan. Ularga tibbiy yordam koʻrsatilmoqda. Jabrlanganlar Mirobod tumani elektr taʼminoti korxonasi xodimlari hisoblanmaydi.
Holat tafsilotlari "Toshkent shahar elektr tarmoqlari" MChJ hamda "Oʻzenergoinspeksiya"ning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi mutaxassislari tomonidan oʻrganib chiqildi.
"Elektr qurilmalaridagi taʼmirlash ishlarini belgilangan talablar va xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda olib borish zarur. Jabrlanganlarga hamdardlik bildiramiz va ularga tezroq sogʻayib ketishlarini tilaymiz. Vaziyat nazoratga olingan. Hodisaga huquqiy baho beriladi hamda oʻrganish yakunlari boʻyicha aybdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar koʻriladi", deyiladi xabarda.





