Prezident tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazmoqda
Tibbiyotni raqamlashtirish boʻyicha ishlar xususiy klinikalar va dorixonalarni ham qamrab olmoqda. Davlat rahbari bu tizim sunʼiy intellekt imkoniyatlari bilan yanada boyitilib, "shifokor va hamshiralarning haqiqiy koʻmakchisi"ga aylanishini aytdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvi boshlandi. Davlatimiz rahbari ularni yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami bilan tabriklab, mehnati uchun minnatdorlik bildirdi.
– Oilasining baxtini koʻrish, halol mehnat qilib, orzulariga yetish, umrini mazmunli oʻtkazish uchun odamga, avvalo, sogʻliq kerak. Shu bois, inson salomatligini asrashni islohotlarimizning eng muhim yoʻnalishlaridan biri etib belgilaganmiz, – dedi Prezidentimiz.
Soʻnggi oʻn yilda mamlakatimizda 10 million aholiga xizmat koʻrsatadigan yangi poliklinika va shifoxonalar ishga tushdi, 58 ming shifo oʻrni yaratildi. Zamonaviy shifoxonalar koʻpayib, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi tri karra oshdi.
Ilgari chet yelda amalga oshirilgan tugʻma yurak nuqsonlari, aʼzolar transplantatsiyasi, robot jarrohligi va bosh miyadagi murakkab jarrohlik amaliyotlari kabi yuzdan ziyod xizmatlar bugun mamlakatimizda bajarilmoqda.
Prezidentimiz bu natijalarda tibbiyot xodimlarining bilim va mahorati hal qiluvchi oʻrin tutayotganini qayd etdi.
Tibbiyotni raqamlashtirish boʻyicha ishlar xususiy klinikalar va dorixonalarni ham qamrab olmoqda.
– Yaqinda bu tizimni sunʼiy intellekt imkoniyatlari bilan yanada boyitib, shifokor va hamshiralarning haqiqiy koʻmakchisiga aylantiramiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Farmatsevtika tovarlarining 70 foizini ichki imkoniyatlar hisobidan qoplash maqsad qilingan. Shu bois, soʻnggi yillarda 1 milliard dollarlik 330 ta yangi quvvat ishga tushirildi.
«Toshkent biofarm siti» klasteri, Andijon, Namangan, Jizzax va Toshkent viloyatida farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalari tashkil etildi. Ularda 1 milliard 200 million dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.





