Prezident oʻzbekistonlik parasportchilarni alohida eʼtirof etdi
Shavkat Mirziyoyev ikkinchi bor oʻtkazilayotgan Prezident Olimpiadasining ochilish marosimida ishtirok etmoqda. Yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida kelasi yildan Prezident Olimpiadasi gʻolib va sovrindorlarining pul mukofotlari 2,5 baravar oshiriladi. Birinchi oʻrin sohiblariga 25 million, ikkinchi oʻrin uchun 12 million, uchinchi oʻrin uchun 6 million soʻm beriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ikkinchi bor oʻtkazilayotgan Prezident Olimpiadasining ochilish marosimida ishtirok etmoqda. Davlatimiz rahbari sportchi yoshlar, murabbiylar va sport fidoyilarini musobaqa boshlanishi bilan tabrikladi.
Bu yilgi bellashuvlarda yurtimizning turli hududlaridan kelgan 3,5 mingdan ziyod yosh olimpiya va paralimpiya yoʻnalishidagi 26 ta sport turi boʻyicha kuch sinashadi. Ularga 1,5 ming murabbiy hamrohlik qilmoqda.
– Har biringiz bu maydonga oʻz orzuingiz, oʻz maqsadingiz, eng asosiysi, gʻalabaga boʻlgan katta ishonchingiz bilan kelgansiz,– dedi Prezidentimiz sportchi oʻgʻil-qizlarga murojaat qilib.
Bugun bellashayotgan yoshlar orasidan ertaga dunyoni hayratga soladigan chempionlar va rekordchilar yetishib chiqishiga ishonch bildirildi.
– Bugun parasportchi oʻgʻil-qizlarimizning matonati va jasoratini ham alohida eʼtirof etmoqchiman,– dedi Prezidentimiz.
Yaqinda yakunlangan Paraosiyo oʻyinlarida ular 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza – jami 145 ta medal bilan umumjamoa hisobida uchinchi oʻrinni egalladi.
Pauerliftingchi Roʻza Qoʻziyeva oltin medal bilan birga jahon rekordini ham oʻrnatdi. Lolaxon Qodirova suzishda, Madina Muxtorova va Karomat Omonova yadro uloqtirishda, Shahina Yigitaliyeva nayza uloqtirishda, Navroʻza Ahmadova esa disk uloqtirishda Osiyo rekordlarini yangiladi.
Yegor Bolotov toʻrtta, Xurshid Qodirov trita oltin medal qoʻlga kiritdi. Asila Mirzayorova uzunlikka sakrash boʻyicha Paraosiyo oʻyinlari rekordini yangilab, ikkinchi marta Osiyoda tengsiz ekanini namoyon etdi.
Asila Mirzayorova Osiyo paralimpiya qoʻmitasining 2026-2030 yillar uchun sportchilar qoʻmitasi aʼzosi etib saylandi. Prezidentimiz buni oʻzbek sportiga xalqaro eʼtirof namunasi sifatida baholadi.
Prezidentimiz yosh sportchilarga murojaat qilib, chempionlikka kuchli iroda va temir intizom orqali erishilishini taʼkidladi. Ilgari surilayotgan «Oʻz» gʻoyasining mazmun-mohiyati ham shunda ekanini qayd etdi.
– Oʻzingga ishon! Oʻz ustingda ishla! Oʻz yurtingga munosib boʻl!– dedi Prezidentimiz. Xalqaro maydonda mamlakatimiz bayrogʻi koʻtarilib, madhiyamiz yangraganda butun xalqimiz sportchilarimiz bilan faxrlanishini taʼkidladi.
Yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida kelasi yildan Prezident Olimpiadasi gʻolib va sovrindorlarining pul mukofotlari 2,5 baravar oshiriladi. Birinchi oʻrin sohiblariga 25 million, ikkinchi oʻrin uchun 12 million, uchinchi oʻrin uchun 6 million soʻm beriladi.
Shuningdek, olimpiadada gʻolib boʻlib, Oʻzbekiston rekordini yangilagan maktab bitiruvchilari oliygohlarning sport yoʻnalishlariga imtihonsiz, davlat granti asosida qabul qilinadi.





