Prezident Olimpiadasidagi sport turlari soni 35 taga yetkaziladi
Har yili olimpiada gʻoliblaridan 50 nafari xorijdagi xalqaro yigʻinlarga yuboriladi. Kelasi yildan gʻoliblarga bir yillik stipendiya berish boshlanadi.

Prezident Olimpiadasi dasturidagi sport turlari soni 35 taga yetkaziladi. Yosh toifasi ham kengaytirilib, musobaqa 14 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkaziladi.
Har yili olimpiada gʻoliblaridan 50 nafari xorijdagi xalqaro yigʻinlarga yuboriladi. Kelasi yildan gʻoliblarga bir yillik stipendiya berish boshlanadi. Oʻz yoʻnalishida eng yaxshi natijaga erishgan sport maktabi zarur jihozlar bilan taʼminlanadi.
Poytaxtdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyi Olimpiya shaharchasiga koʻchiriladi. Shu orqali yosh sportchilar chempionlarimiz tarixi va yutuqlari bilan yaqindan tanishib, yangi gʻalabalarga intiladi.
Prezidentimiz yoshlarni ochilayotgan imkoniyatlarni tinimsiz izlanish, qatʼiy intizom va bilim bilan natijaga aylantirishga chaqirdi: «Musobaqa maydonida munosib raqib, hayotda esa yaxshi doʻst boʻling».
Shundan soʻng 2026 yilgi Prezident Olimpiadasini ochiq deb eʼlon qildi.
– Olgʻa, Yangi Oʻzbekiston! Olgʻa, Oʻzbekiston yoshlari! Olgʻa, oʻzbek xalqi! – dedi Prezidentimiz soʻzining yakunida.





