Oʻzbekistonda oʻlimlar oʻtgan yilga nisbatan kamaydi
2025 yilning mos davrida 132,2 ming kishi vafot etgan. Joriy yilning toʻqqiz oyida esa bu koʻrsatkich 8,8 ming nafarga yoki qariyb 6,7 foizga kamaygan. Oʻlim koeffitsiyenti 4,2 promilleni tashkil etgan.

Oʻzbekistonda 2026 yilning yanvar—sentabr oylarida 123,4 mingta oʻlim holati qayd etildi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasining 27 oktabrda eʼlon qilingan demografik holatga oid hisobotida aytildi.
2025 yilning mos davrida 132,2 ming kishi vafot etgan. Joriy yilning toʻqqiz oyida esa bu koʻrsatkich 8,8 ming nafarga yoki qariyb 6,7 foizga kamaygan. Oʻlim koeffitsiyenti 4,2 promilleni tashkil etgan.
Hisobotda soʻnggi besh yilning yanvar—sentabr oylarida qayd etilgan oʻlim holatlari soni ham keltirilgan:
2022 yil — 130,2 ming kishi;
2023 yil — 129,7 ming kishi;
2024 yil — 131,7 ming kishi;
2025 yil — 132,2 ming kishi;
2026 yil — 123,4 ming kishi.
Shunday qilib, 2026 yilning dastlabki toʻqqiz oyida qayd etilgan oʻlimlar soni soʻnggi besh yilning mos davrlari orasida eng past koʻrsatkich boʻlgan.
Vafot etganlarning 68,5 ming nafari yoki 55,5 foizini erkaklar, 54,9 ming nafari yoki 44,5 foizini ayollar tashkil qilgan. Erkaklar orasidagi oʻlim holatlari ayollarnikidan 13,6 mingtaga koʻp boʻlgan.
Yashash joyi boʻyicha tahlil qilinganda, vafot etganlarning 65,7 ming nafari yoki 53,2 foizi shahar joylarda, 57,7 ming nafari yoki 46,8 foizi qishloq joylarda yashagani aniqlangan.
Shuningdek, 2026 yilning yanvar—sentabr oylarida mamlakatda 638,6 ming nafar bola tirik tugʻilgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 26 ming nafarga kam. Tugʻilish va oʻlim koʻrsatkichlari oʻrtasidagi farq hisobiga aholining tabiiy oʻsishi 515,2 ming kishini tashkil etgan. Doimiy aholi soni 39 mln 535,2 ming kishini tashkil qilmoqda.
Avvalroq Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik ish haqi 7,3 mln soʻmni tashkil etgani xabar berilgandi.





