platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Oʻzbekiston boʻylab suyultirilgan gazni talon-toroj qilayotganlar aniqlandi

Pastdargʻom tumanida bir guruh shaxslar gaz tarqatish shoxobchasi mansabdorlari bilan til biriktirgan va suyultirilgan gazni "zapravka"ga sotishgan. 

Oʻzbekiston boʻylab suyultirilgan gazni talon-toroj qilayotganlar aniqlandi

Tabiiy gaz tarmoqlariga ulanmagan aholi uchun ajratilgan suyultirilgan gazni talon-toroj qilinishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida DXX, IIV, BP, FVV, “Oʻzenergoinspeksiya” va “Hududgaztaʼminot” AJ hamkorligida respublika boʻylab reyd tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Jumladan, Samarqand viloyatining Pastdargʻom tumanida bir guruh shaxslar gaz tarqatish shoxobchasi mansabdorlari bilan til biriktirgan holda, oʻzlariga tegishli noturar binoda 6 tonna hajmli sisterna oʻrnatib, aholiga tarqatish uchun moʻljallangan suyultirilgan gaz toʻldirilgan ballonlarni kompressor orqali ushbu sisternaga boʻshatib, soʻngra uni oʻzlariga qarashli avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchasida noqonuniy sotish bilan shugʻullanishgan.

Tekshiruv davomida ushbu manzilda qiymati 32,2 mln soʻmlik 3,1 tonna suyultirilgan gaz aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirildi.

Taʼkidlash lozim, 3,1 tonna suyultirilgan gaz oʻrtacha 150 ta xonadonning 45 kunlik ehtiyojini qoplaydi.

Bundan tashqari, mazkur shaxslar tomonidan elektr energiyasiga noqonuniy ulanish orqali davlat manfaatlariga 1 mlrd soʻmlik zarar yetkazilganligi fosh boʻldi.

Hozirda aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa holatda esa Qoʻshrabot tumanida yashovchi, 1993 y.t. fuqaroning uyida 130 kg suyultirilgan gaz bilan toʻldirilgan 35 ta gaz balloni noqonuniy saqlanayotgani maʼlum boʻldi.

Reyd tadbirlari Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham faol tarzda amalga oshirilayotgan boʻlib, birgina Amudaryo tumangaz boʻlimi ishchisi va 1969 y.t. fuqaroning yashash xonadonlarida jami 23 ta gaz balloni borligi aniqlandi.

Xorazm viloyati Bogʻot tumangaz boʻlimining 3 nafar chilangari esa oʻz tanishlarining yashash xonadonlarida jami 300 kg suyultirilgan gaz bilan toʻldirilgan 25 ta gaz ballonni qimmat narxlarda sotish uchun saqlab kelishgan.

Andijon viloyatida oʻtkazilgan tadbirlar davomida 980 kg suyultirilgan gaz toʻldirilgan 243 ta gaz balloni qimmat narxda sotish maqsadida noqonuniy saqlanayotgani maʼlum boʻldi.

Jumladan, Ulugʻnor tumangaz boʻlimi chilangarining uyidan aholi uchun moʻljallangan 17 ta gaz balloni, Shahrixon tumangaz boʻlimi chilangarining xonadonidan esa 13 ta gaz balloni olindi.

Jizzax viloyatida kuzatilgan holatda Yangiobod tumangaz taʼminoti boʻlimi haydovchisi oʻziga tanish boʻlgan 2 nafar fuqaroning yashash xonadonlarida jami 720 kg suyultirilgan gaz toʻldirilgan 57 ta gaz ballonni noqonuniy saqlayotganligi hujjatlashtirildi.

Navoiy viloyati Nurota tumangaz chilangari va haydovchisi esa oʻzaro til biriktirib, “Hududgaz Navoiy” GTF balansida boʻlgan va suyultirilgan gaz bilan toʻldirilgan 2 dona gaz ballonni xaridorga 280 ming soʻmga sotayotgan vaqtlarida ushlandi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid