Jazosiz qolgan sport boshqarmasi mansabdori yana jinoyat sodir etdi
U sportchilarning musobaqalarda qatnashishi uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan noqonuniy manfaat olgan.

Avvalgi qilmishi uchun jazolanmagan Surxondaryo viloyati sport boshqarmasining sobiq mansabdori yana jinoyat sodir etdi.
Bu safar esa u sportchilarning xizmat safari uchun ajratilgan pullarni oʻzlashtirgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Termiz shahar sudining 2026 yil 6 oktabrdagi hukmiga koʻra, sobiq mansabdor xizmat mavqeidan foydalanib, sportchilarning musobaqalarda qatnashishi uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan noqonuniy manfaat olgan.
Xususan, Muzrabod tumani sport maktabida 2023 yilda musobaqalar uchun ajratilgan xizmat safari pullaridan 2,2 mln soʻm noqonuniy olingan.
Shuningdek, 2024–2025 yillarda boshqa sport muassasalarida ham shunday holatlar kuzatilgan. Jumladan, Termiz Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi mablagʻlaridan 17,9 mln soʻm, boshqa sport maktablari mablagʻlaridan esa 11,3 mln, 4,9 mln va 3,6 mln soʻm bilan bogʻliq epizodlar sudda koʻrib chiqilgan.
Bundan tashqari, ayrim sportchilarga ajratilgan xizmat safari pullari ularning bank kartalariga toʻliq oʻtkazilmagan. Baʼzi mablagʻlar boshqa shaxslarning kartalariga tushirilib, naqdlashtirilgan.
Sud hujjatlarida sportchilarning musobaqalarda qatnashishi uchun ajratilgan 35 mln, 28 mln va 37 mln soʻmlik mablagʻlar bilan bogʻliq qonunbuzilishlar ham qayd etilgan.
Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvda sport muassasalarida xizmat safari pullarini sarflash va hujjatlarni rasmiylashtirishda qonunbuzilishlar aniqlangan.
Xususan, Termiz Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida xizmat safari xarajatlari bilan bogʻliq qariyb 170 mln soʻmlik zarar qayd etilgan.
Bundan tashqari, xodimlarga ustama va ish haqi hisoblashda ham xatolarga yoʻl qoʻyilgan. Jumladan, 15,7 mln soʻmlik ortiqcha ustama hamda 64,2 mln soʻmlik ortiqcha mehnat haqi toʻlovlari aniqlangan.
Ushbu summalarning barchasi sudlanuvchi shaxsan olgan pullar sifatida koʻrsatilmagan.
Sud majlisida sudlanuvchi aybiga iqror boʻlib, qilmishidan pushaymonligini va yetkazilgan zarar qoplanganini bildirgan. U suddan yengillik soʻragan. Sud uni Jinoyat kodeksining 214-moddasi 3-qismi «a» va «b» bandlari bilan aybli deb topgan.
Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qoʻllanib, 20 mln soʻm jarima tayinlangan. Shuningdek, u bir yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bogʻliq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.
Sud hukmiga koʻra, tergov davomida prokuratura depozit hisobiga oʻtkazilgan 8,5 mln soʻm sudlanuvchiga qaytarilishi belgilangan.





