"Eng yaxshi shifokor" tanlovi viloyat bosqichi gʻoliblariga elektromobil beriladi
Prezident meʼda, yoʻgʻon ichak, prostata bezi va oʻpka saratonini erta aniqlash ishlari Samarqanddan boshlanib, 2028 yildan barcha hududlarda joriy etilishini maʼlum qildi.

Bu ishlarga yiliga 700 milliard soʻm ajratiladi.
Qandli diabet, sil, yurak-qon tomir kasalliklari, ayollardagi oʻsmalar hamda bolalardagi onkogematologik xastaliklarni erta aniqlash dasturlari ham davom ettiriladi.
Andijon, Fargʻona, Namangan, Samarqand va Toshkent shahrida infarkt va insultning erta aniqlanishi hamda davolanishi dasturi natijasida ushbu kasalliklardan erta oʻlim besh oyda 15 foizga kamaydi. Kasallik boshlanishidagi "oltin soat" da 855 nafar inson erta oʻlim va nogironlik asoratlaridan saqlab qolindi. Kelasi yil dasturga 280 milliard soʻm ajratilib, barcha tuman va shaharlar qamrab olinadi.
Aholi uchun kafolatlangan paket ham kengaytiriladi. Kelasi yil bepul dori vositalari turi 73 taga, tibbiy tekshiruvlar turi 36 taga yetkaziladi.
Davlatimiz rahbari sohada taʼlim, qurilish va sanitariya-gigiyena, bemorlar xavfsizligi hamda xodimlar madaniyatini qamrab oladigan "Yangi Oʻzbekiston tibbiyot standartlari" joriy etilishini maʼlum qildi.
– Har qanday inson poliklinikaga kirganda, avvalo, ozodalikni, tartibni, madaniyatni koʻrishi kerak,– dedi Prezidentimiz.
Shu bois, birlamchi boʻgʻin tibbiyot xodimlari bosqichma-bosqich maxsus kiyim-bosh bilan bepul taʼminlanadi.
Joriy yil ilk bor tuman boʻgʻinidagi eng yaxshi shifokor va hamshira nominatsiyalari boʻyicha viloyat tanlovlari oʻtkazilmoqda. Gʻoliblar 30 million soʻmdan mukofotlanadi.
Kelasi yil ragʻbat yanada kuchaytiriladi: viloyat bosqichida gʻolib boʻlgan 14 nafar shifokor elektromobil bilan taqdirlanadi. Sogʻlom turmush tarzini targʻib qiladigan eng yaxshi oʻnta loyiha muallifiga 200 million soʻmdan grant beriladi.





