YeXHT vakili Oʻzbekistondagi islohotlarni eʼtirof etdi
Jurnalistlar uyushmasi delegatsiyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Ommaviy axborot vositalari erkinligi masalalari boʻyicha vakili, elchi Yan Braatu Vena shahrida uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻzbekistonda soʻz erkinligini mustahkamlash, jurnalistlar xavfsizligini taʼminlash va zamonaviy media muhitini rivojlantirish yoʻlidagi islohotlar xalqaro muloqotning muhim mavzusiga aylanmoqda.
Bu masalalar Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi delegatsiyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Ommaviy axborot vositalari erkinligi masalalari boʻyicha vakili, elchi Yan Braatu oʻrtasida Vena shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvda ham diqqat markazida boʻldi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonning YeXHT institutlari, xususan, Ommaviy axborot vositalari erkinligi masalalari boʻyicha vakil mandati doirasidagi faoliyatga alohida eʼtibor qaratayotgani taʼkidlandi.
Mamlakatning soʻz erkinligini mustahkamlash, media sohasini rivojlantirish hamda YeXHT doirasida qabul qilingan xalqaro majburiyatlarni amalga oshirishga sodiqligi qayd etildi.
Muloqot davomida Oʻzbekistonda ommaviy axborot vositalari sohasida olib borilayotgan islohotlarga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, axborot sohasini tartibga soluvchi milliy qonunchilikni yangilash, uni xalqaro standartlar va zamonaviy texnologik talablarga muvofiqlashtirish, jurnalistlarning kasbiy faoliyati uchun huquqiy kafolatlarni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlar muhokama qilindi.
Yan Braatu ushbu yoʻnalishdagi tashabbuslarning ahamiyatini qayd etib, media sohasidagi islohotlar ochiqlik, shaffoflik va jurnalistlarning kasbiy mustaqilligini taʼminlash tamoyillari bilan uygʻun tarzda amalga oshirilishi zarurligiga eʼtibor qaratdi.
Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov jurnalistlar manfaatlarini taʼminlash, OAVlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida axborot berdi. Xususan, Oʻzbekiston jurnalistlarining kasbiy etikasi kodeksi loyihasi ishlab chiqilgani va hozirda qizgʻin muhokama qilinayotgani maʼlum qilindi.

Mazkur tashabbusning ahamiyatiga toʻxtalar ekan, Yan Braatu jurnalistikada kasbiy masʼuliyat, xolislik va ishonchlilik tamoyillarini mustahkamlash, shuningdek, jurnalistlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish muhimligini taʼkidladi.
«Bu tashabbus axborot makonida kasbiy masʼuliyat, xolislik va ishonchlilik mezonlarini mustahkamlash, jurnalistikaning professional standartlarini rivojlantirish nuqtai nazaridan dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, jurnalistlar xavfsizligini taʼminlashga oid YeXHT Vazirlar kengashining 3/18-sonli qarorida belgilangan majburiyatlarni amaliyotga tatbiq etish borasida Oʻzbekiston oldinga qadam tashlamoqda», — dedi Yan Braatu.
Muloqot davomida Oʻzbekistonda mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar, jumladan, milliy qonunchilikni takomillashtirish, jurnalistlar xavfsizligini mustahkamlash va ularning kasbiy faoliyati uchun qulay muhit yaratish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi delegatsiyasi Avstriya media akademiyasi, Jurnalistika va media boʻyicha Vena forumi markazi, Avstriya matbuot nashrlari uyushmasi rahbarlari bilan ham uchrashuvlar oʻtkazdi hamda Krems shahridagi «IMC» amaliy fanlar universiteti faoliyati bilan tanishdi.





