Sirdaryoda kundoshi va uning qizini pichoqlab oʻldirgan ayolga hukm oʻqildi
Voqea shu yilning aprel oyida sodir boʻlgan. 29 yoshli ayol janjal sababli shaʼriy turmush oʻrtogʻining qonuniy rafiqasi hamda uning ikki nafar voyaga yetmagan qiziga pichoq bilan ogʻir tan jarohatlari yetkazgan.

Sirdaryo viloyati Shirin shahrida ona va uning bir qizini pichoqlab oʻldirgan, yana birini jarohatlagan ayolga sud hukmi oʻqildi. Bu haqda "Millar" dasturida xabar berildi.
Voqea shu yilning aprel oyida sodir boʻlgan. 29 yoshli ayol janjal sababli shaʼriy turmush oʻrtogʻining qonuniy rafiqasi hamda uning ikki nafar voyaga yetmagan qiziga pichoq bilan ogʻir tan jarohatlari yetkazgan.
Oqibatda ayol va uning 5 yoshli qizi vafot etgan, 3 yoshli qiz esa shifoxonaga yotqizilgan. Marhumaning yaqinlari ayolning yana 8 yoshli oʻgʻli va 20 kunlik chaqalogʻi qolganini aytgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Shirin shahar sudi raisi Alisher Ergashevning aytishicha, tomonlar oʻrtasidagi kelishmovchilik farzand koʻrish masalasi tufayli kelib chiqqan. Sud hukmi bilan ayol Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi (Qasddan odam oʻldirishga suiqasd qilish) va 97-moddasi 2-qismi (Ogʻirlashtiruvchi holatlarda qasddan odam oʻldirish) tegishli bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Sud tomonidan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qoʻllanib, 59-moddasi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida tayinlangan jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan ayolga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilandi.





