Si Szinpin hokimiyatdagi toʻrtinchi muddatga tayyorlanmoqda: Xitoyda siyosiy tozalashlar nega kuchaymoqda?
Xitoy rahbari Si Szinpin 2027 yilda Kommunistik partiya yetakchisi sifatidagi toʻrtinchi muddatini qoʻlga kiritishga tayyorlanmoqda. Qurultoy arafasida korrupsiyaga qarshi tekshiruvlar kuchayib, yuqori martabali amaldorlar va harbiy rahbarlar ham tergov nishoniga aylanmoqda. Tahlilchilarga koʻra, bu kompaniya nafaqat korrupsiyaga qarshi kurash, balki partiya ustidan nazoratni mustahkamlash va amaldorlarning rahbarga sadoqatini taʼminlash vositasi hamdir.

Xitoy rahbari Si Szinpin oʻn yildan ortiq vaqtdan beri korrupsiyaga qarshi kampaniyalar va siyosiy sadoqatni tekshirish orqali davlat apparatini qatʼiy nazorat ostida ushlab kelmoqda. Biroq 2027 yilda hokimiyatdagi navbatdagi besh yillik muddatini qoʻlga kiritishi kutilayotgan 73 yoshli rahbar ayrim amaldorlarning hanuz sadoqatsiz, loqayd va korrupsiyaga moyil ekanidan shikoyat qilmoqda.
Bu holat Si Szinpin uchun muammo faqat korrupsiyani jilovlash bilan cheklanmasligini koʻrsatadi. Gap uning siyosiy qarorlari va topshiriqlarini davlat boshqaruvining barcha boʻgʻinlarida soʻzsiz amalga oshiradigan tizimni shakllantirish haqida bormoqda.
The New York Times nashrining 2026 yil 26 oktabrda eʼlon qilingan Chris Buckley muallifligidagi tahliliga koʻra, Xitoy rahbarining nazoratni kuchaytirishga qaratilgan siyosati navbatdagi partiya qurultoyi arafasida yangi bosqichga kirgan. Yuqori martabali amaldorlarga qarshi tekshiruvlar hamda partiya ichidagi intizomni mustahkamlash choralari Si Szinpinning hokimiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.
Qurultoy arafasida siyosiy tozalashlar
Xitoy Kommunistik partiyasi 2026 yil 26 oktabrda Pekinda Markaziy qoʻmitaning toʻrt kunlik yigʻilishini boshladi. Unda partiya boshqaruvini kuchaytirish, amaldorlar intizomini mustahkamlash va davlat siyosati ijrosini taʼminlash masalalari koʻrib chiqilishi kutilmoqda.
Mazkur yigʻilish 2027 yil oxirida oʻtkazilishi kutilayotgan partiya qurultoyi oldidan alohida ahamiyatga ega. Har besh yilda bir marta tashkil etiladigan qurultoyda partiyaning yuqori rahbariyati tarkibi yangilanadi. Si Szinpinning toʻrtinchi muddatga saylanishi kutilayotgan bir paytda u oʻz qoʻl ostida faoliyat yuritadigan yangi avlod amaldorlarini ham shakllantirishi kerak.
Xitoy siyosatini oʻrganuvchi ekspertlar fikricha, rahbarning amaldorlar sadoqatiga boʻlgan talabchanligi aynan shu siyosiy jarayon bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Asia Society Policy Institute katta ilmiy xodimi Nil Tomasning taʼkidlashicha, Si Szinpin uchun eng muhim vazifalardan biri — Kommunistik partiyani yanada kuchaytirish.
«Si oʻzidan qanday meros qolishini istaydi? Menimcha, eng avvalo, bu Xitoyning yanada kuchli boʻlishidan ham koʻra, Kommunistik partiyaning yanada kuchli boʻlishidir. Uning nazarida, birinchisi ikkinchisining eng muhim shartidir», — deydi Tomas.
Xitoy rahbari 2012 yilda hokimiyatga kelganidan buyon partiyaning jamiyat ustidan nazoratini kengaytirdi. Bugungi kunda Kommunistik partiyaning 101 million aʼzosi mavjud. Partiyaviy apparat orqali Si Szinpin dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyotini va 1,4 milliard aholiga ega mamlakatni boshqaradi.
Biroq tizimning kattaligi va keng qamrovi markaziy rahbariyat uchun alohida muammoni ham yuzaga keltiradi: markazdan berilgan topshiriqlar joylarda qay darajada va qanday bajarilmoqda?
Sobiq merga qarshi tergov: siyosiy elita ham himoyalanmagan
Xitoyda siyosiy tozalashlar koʻlamini koʻrsatadigan soʻnggi voqealardan biri Chunsin shahrining sobiq meri Xuan Qifan ustidan tekshiruv boshlanishi boʻldi.
74 yoshli Xuan sakkiz yil avval yuqori davlat lavozimlaridan ketganiga qaramay, jamoatchilik orasida faol boʻlib qolgan. U iqtisodiy masalalar boʻyicha chiqishlar qilgan va kitoblar yozgan. Shuningdek, u oʻzidan oldin faoliyat yuritgan bir nechta yuqori martabali partiya amaldorlarining siyosiy inqirozga uchrashiga qaramay, oʻz mavqeini saqlab qolgan edi.
Biroq Xitoy Kommunistik partiyasi uning «partiya intizomi va qonunlarni jiddiy ravishda buzish» gumoni bilan tekshirilayotganini eʼlon qildi.
Xuan ishi muhim siyosiy signal sifatida koʻrilmoqda. Chunki bu holat yuqori lavozimdagi amaldorlar, hatto davlat xizmatidan ketganidan keyin ham, tergovdan himoyalanmaganini koʻrsatadi.
Partiya tekshiruvlari odatda korrupsiyaga oid ayblovlar bilan yakunlanishi mumkin. Bunday jarayonlarning siyosiy ahamiyati shundaki, ular amaldorlar orasida markaziy rahbariyat talablariga rioya qilish zarurligini yana bir bor eslatadi.
Xuan bilan bogʻliq xabardan keyin Pekin shahri meri oʻrinbosari Sya Linmao ham tekshiruvga tortilgani maʼlum qilindi.
«Kasallangan daraxtlarni sugʻurib tashlash» siyosati
Si Szinpin korrupsiyaga qarshi kurashni nafaqat qonunbuzarliklarni aniqlash, balki partiyaning ichki siyosiy va mafkuraviy intizomini mustahkamlash vositasi sifatida ham koʻradi.
U joriy yil boshida qilgan nutqida ayrim amaldorlar berilgan topshiriqlarni vijdonan bajarmasligi, aksincha, rahbariyatga sodiqdek koʻrinishga urinishi haqida gapirgan. Uning taʼkidlashicha, ayrim amaldorlar partiya qoidalari va qadriyatlariga nisbatan haqiqiy munosabatini yashirib, «ikkiyuzlamachilik» qiladi.
Si korrupsiyaga botgan amaldorlarni kasallangan daraxtlarga qiyoslab, «sugʻurib tashlanishi kerak boʻlgan kasal daraxtlarni sugʻurib tashlash, kesilishi kerak boʻlganlarini esa kesish» lozimligini aytgan.
Bu ibora Xitoy rahbariyatining amaldorlar ustidan nazoratni kuchaytirishga boʻlgan qatʼiy yondashuvini ifodalaydi.
Si ilgari surayotgan «oʻzini oʻzgartirish inqilobi» deb ataluvchi siyosat muntazam tekshiruvlar, amaldorlarning oʻz faoliyatini baholashi va partiya ichidagi tanqidiy muhokamalarni oʻz ichiga oladi. Maqsad — davlat apparatini intizomli saqlash va partiya qarorlarining bajarilishini taʼminlash.
The New York Times keltirgan rasmiy statistikaga koʻra, 2023 yilda viloyat yoki vazirlik darajasidagi lavozimlarda ishlagan 49 nafar amaldor va tuman darajasidagi lavozimlarda faoliyat yuritgan 24 ming kishi jazolangan. 2025 yilda esa bu koʻrsatkichlar mos ravishda 69 nafar va 35 ming kishini tashkil etgan. Bu raqamlar partiya ichidagi intizomiy nazorat koʻlami kengayganini koʻrsatadi.
Harbiy rahbariyat ham tozalashlar markazida
Soʻnggi yillarda korrupsiyaga qarshkompaniyalarningng eng keskin yoʻnalishlaridan biri Xitoy harbiy rahbariyatiga qaratildi.
2026 yil boshida mamlakatning eng yuqori martabali generallaridan biri Chjan Yousya hibsga olinib, korrupsiya va sadoqatsizlikda ayblandi. 2022 yildan buyon qariyb 100 nafar yuqori martabali harbiy xizmatchi tekshiruvga tortilgan yoki jamoatchilik eʼtiboridan gʻoyib boʻlgan. Ularning ayrimlari tergov qilinayotgan boʻlishi mumkin.
Harbiy rahbariyatdagi bunday oʻzgarishlar Si Szinpin uchun ikki tomonlama ahamiyatga ega. Bir tomondan, ular qurolli kuchlarda korrupsiyani cheklash va markaziy rahbariyatga boʻysunishni kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin. Ikkinchi tomondan, koʻplab tajribali harbiy rahbarlarning lavozimdan chetlatilishi boshqaruv barqarorligi va harbiy salohiyatga taʼsiri borasida savollar tugʻdiradi.
Vena universitetining Xitoy siyosati va huquqi boʻyicha oʻqituvchisi Ling Li korrupsiyaga qarshi kampaniya odatiy boshqaruv amaliyotiga aylanganini taʼkidlaydi.
«Korrupsiyaga qarshi kampaniya endi oddiy kampaniya emas, chunki u shu qadar odatiy holga aylanganki, tizimning bir qismiga aylandi», — deydi u.
Ling Lining fikricha, korrupsiya qilish imkoniyatlarining qisqarishi amaldorlar uchun mavjud ragʻbatlarni kamaytirgan boʻlsa, jazolarning ogʻirlashishi esa ularga nisbatan bosimni kuchaytirmoqda.
Sobiq ittifoqchilar ham shubha ostidami?
Partiya ichidagi tekshiruvlar faqat amaldagi amaldorlar yoki harbiy rahbarlar bilan cheklanmayotgan boʻlishi mumkin. Soʻnggi voqealar Si Szinpinning shubhalari sobiq yuqori martabali siyosatchilar va ularning taʼsir doiralariga ham qaratilayotganini koʻrsatadi.
Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish markaziy komissiyasining sobiq rahbari Van Sishanning uzoq yillik yordamchilari va sobiq boʻysunuvchilaridan bir nechtasi tekshiruvga tortilgan.
Ular orasida moliya sohasi amaldori Chjou Lyang va intizom masalalari boʻyicha amaldor Li Syaohun bor. Van Sishanning sobiq kotibi Dun Xun esa 2022 yilda korrupsiyaga oid ayblovlar bilan qamoqqa tashlangan. 2026 yilda uning yana ikki sobiq boʻysunuvchisi Markaziy komissiyadagi lavozimlaridan pasaytirilgan.
Van Sishanning oʻzi qonunbuzarlikda ayblanmagan. Uning yordamchilariga qarshi tekshiruvlarning aniq sabablari ham ochiqlanmagan. Shunga qaramay, bu ishlar Si Szinpin nafaqadagi amaldorlar oʻz aloqalari va sobiq shogirdlari orqali saqlab qolishi mumkin boʻlgan siyosiy taʼsirdan xavotir olayotgani haqidagi taxminlarni kuchaytirdi.
Brukings instituti tadqiqotchisi, Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq xodimi Jonatan Szin bu vaziyatni Si Szinpinning xavfni qabul qilish usuli bilan izohlaydi. Uning fikricha, Van Sishan ilgari Si uchun muhim ishlarni bajargan boʻlsa-da, hanuz mustaqil taʼsir koʻrsatish imkoniyatiga ega shaxs sifatida koʻrilishi mumkin.
Bu holat Xitoy siyosiy tizimida sadoqat masalasi faqat amaldagi lavozim bilan belgilanmasligini anglatadi. Sobiq rahbarlar va ularning aloqalari ham siyosiy nazorat nuqtai nazaridan ahamiyatli boʻlib qolishi mumkin.
Qatʼiy nazoratning salbiy oqibatlari
Si Szinpinning korrupsiyaga qarshi kampaniyasi va partiya intizomini kuchaytirishga qaratilgan siyosati markaziy rahbariyatning nazorat imkoniyatlarini oshirishi mumkin. Biroq bu yondashuvning salbiy oqibatlari ham bor.
Amaldorlar doimiy tekshiruv va jazolanish xavfi ostida ishlaganida, tashabbus koʻrsatish yoki tavakkal qilishdan qochishi mumkin. Natijada davlat boshqaruvida sustkashlik kuchayishi, mahalliy muammolarni hal qilish uchun zarur qarorlar kechikishi ehtimoli ortadi.
Yaqinda oʻtkazilgan tadqiqot ham Xitoy amaldorlari orasida tavakkal qilishdan qoʻrqish va ruhiy tushkunlik holatlari uchrashini koʻrsatgan.
Avstraliya Milliy universiteti professori, tadqiqot hammuallifi Benjamin Xillmanning taʼkidlashicha, ayniqsa, qishloq hududlaridagi mahalliy hukumatlar markazdan kelayotgan barcha talablarni bajarish uchun yetarli imkoniyat va resurslarga ega emas.
«Mahalliy hukumatlar, ayniqsa, qishloq hududlaridagilari markazdan keladigan barcha talablarni bajarish uchun zarur imkoniyat va resurslarga ega emas. Mahalliy amaldorlar baʼzan ishlarni bajarayotgandek koʻrsatishga majbur boʻladi», — deydi Xillman.
Bu muammo Xitoy iqtisodiyoti sekinlashayotgan bir paytda yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Uzoq davom etayotgan koʻchmas mulk inqirozi mahalliy hukumatlarning moliyaviy imkoniyatlarini qisqartirdi. Chunki koʻplab hududlar uzoq vaqt davomida yer sotishdan tushadigan daromadlarga tayanib kelgan.
Shu sharoitda Si Szinpin nafaqat korrupsiyani cheklash, balki iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay, amaldorlarning oʻz siyosiy yoʻnalishiga sodiq qolishini taʼminlashga intilmoqda.
Si Szinpinning asosiy maqsadi nima?
2027 yilgi partiya qurultoyi Xitoy siyosiy tizimining kelgusi yoʻnalishini belgilashda muhim bosqich boʻlishi kutilmoqda. Si Szinpinning hokimiyatdagi toʻrtinchi muddatga intilishi uning siyosiy mavqeini mustahkamlashi mumkin. Biroq bu jarayon partiya ichidagi nazorat va sadoqat masalalarini ham kun tartibining markaziga olib chiqmoqda.
Xitoy rahbari uchun asosiy vazifa — partiyaning katta va murakkab davlat apparati ustidan samarali nazoratini saqlab qolish. Biroq yuqoridan berilgan topshiriqlarni qatʼiy bajarishni talab qilish bilan mahalliy amaldorlarning tashabbus koʻrsatish imkoniyatlarini saqlab qolish oʻrtasida muvozanat topish oson emas.
Korrupsiyaga qarshi kurash davlat boshqaruvidagi qonunbuzarliklarni cheklashi mumkin. Ammo doimiy siyosiy bosim amaldorlarni mustaqil qaror qabul qilishdan choʻchitib qoʻysa, bu boshqaruv samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi ehtimoli mavjud.
Shu sababli Si Szinpinning tozalash kampaniyalarini faqat korrupsiyaga qarshi kurash sifatida baholash yetarli emas. Bu, ayni paytda, partiya ichidagi sadoqatni mustahkamlash, siyosiy taʼsir markazlarini nazorat qilish va 2027 yildan keyingi boshqaruv tizimini shakllantirish jarayonidir.
Si Szinpin kuchliroq va intizomliroq Kommunistik partiyani shakllantirishga urinayotgan bir paytda, ushbu siyosat davlat apparatining tashabbuskorligi va samaradorligini qay darajada saqlab qola oladi? Xitoy rahbariyatining navbatdagi siyosiy bosqichi aynan shu ziddiyatni yanada yaqqol namoyon qilishi mumkin.





