Serbiyada Aleksandr Vuchich partiyasi saylovda magʻlubiyatga uchradi
Saylov komissiyasi maʼlumotlariga koʻra, parlament saylovlarida yangi muxolif kuch — “Talabalar roʻyxati” 50,84 foiz ovoz toʻplagan.

Serbiyaning yangi muxolif kuchi — "Talabalar roʻyxati" parlament saylovlarida 50 foizdan ortiq ovoz toʻpladi va hukumatni shakllantirish imkoniyatiga ega boʻldi.
Hukmron Serbiya taraqqiyot partiyasi (STP) raisi Aleksandr Vuchich parlament saylovlarida magʻlubiyatga uchraganini saylov natijalari rasman eʼlon qilinishidan oldin tan oldi.
Serbiya Respublikasi Saylov komissiyasi maʼlumotlariga koʻra, parlament saylovlarida yangi muxolif kuch — “Talabalar roʻyxati” 50,84 foiz ovoz toʻplagan.
Sobiq prezident Aleksandr Vuchichning roʻyxatini esa mamlakat saylovchilarining 40,41 foizi qoʻllab-quvvatlagan.
Saylov byulletenlariga jami 18 ta partiya va saylov roʻyxati kiritilgan, biroq ularning 15 tasi 1 foizdan kam ovoz olgan.
Vuchich saylov komissiyasi "Talabalar roʻyxati"ning gʻalabasini rasman eʼlon qilishidan oldin magʻlubiyatini tan oldi. Sobiq prezidentning baholashicha, "Talabalar roʻyxati" parlamentda 135–140 ta deputatlik mandatiga ega boʻladi.
"Sizlarga shuni maʼlum qilmoqchimanki, tabaqalashtirilgan tanlanma asosida olingan maʼlumotlarga koʻra, bu saylovda magʻlub boʻlganimiz mutlaqo aniq. Norozilik harakati ishtirokchilari tomonidan shakllantirilgan "Talabalar roʻyxati" gʻalaba qozondi. Ular 135–140 ta deputatlik mandatini qoʻlga kiritadi, bizda esa taxminan 105 ta mandat boʻladi", — dedi Vuchich oʻz tarafdorlariga.
Uning soʻzlariga koʻra, Serbiya taraqqiyot partiyasi 1 million 720 mingta ovoz olgan, biroq bu gʻalaba uchun yetarli boʻlmagan.





