Prezident “Oʻzbekfilm”da kinoijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazmoqda
Mamlakatimiz yetakchisi oʻn yil oldin “Oʻzbekfilm” kinostudiyasi qanday ahvolda boʻlganini yodga oldi. Islohotlarning ilk kunlaridan studiyani tiklash va ijodkorlar uchun munosib sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilgani qayd etildi. 2016 yilda filmlar olish uchun davlat byudjetidan 10 milliard soʻm ajratilgan boʻlsa, joriy yilning oʻzida 218 milliard soʻm berildi.

Prezidentimiz “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida kinoijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazmoqda. Davlatimiz rahbari bu dargohda milliy kino tariximiz, bir necha avlod ijodkorlarining mehnati, xalqimizning ekranga koʻchgan orzulari, intilishlari va armonlari mujassam ekanini taʼkidladi.
“Mahallada duv–duv gap”, “Oʻtgan kunlar”, “Shum bola”, “Chinor ostidagi duel”, “Suyunchi” kabi filmlarning qahramonlari xotiramizda yaqin insonlardek saqlanib qolgan. Ulardagi bir lavha, bir ogʻiz soʻz yoki tanish kuy bolaligimiz, bobo-buvilarimiz va qadrdon mahallamizni koʻz oldimizda gavdalantiradi.
Prezidentimiz oʻz davrida siyosiy va mafkuraviy bosimlar qanchalik ogʻir boʻlmasin, ijodkorlarimiz ana shunday milliy sanʼat asarlarini yarata olganini tahsinga sazovor deb baholadi.
“Oʻzbekfilm” yaratgan bu maktab mustaqillik yillarida ham davom ettirildi. “Abdullajon”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Dilxiroj”, “Vatan”, “Oʻtov” singari xalqimizga manzur filmlar yaratildi.
Mamlakatimiz yetakchisi oʻn yil oldin “Oʻzbekfilm” kinostudiyasi qanday ahvolda boʻlganini yodga oldi. Islohotlarning ilk kunlaridan studiyani tiklash va ijodkorlar uchun munosib sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilgani qayd etildi.
Bu qadrli maskan toʻliq rekonstruksiya qilindi. Soʻnggi oʻn yilda sohani qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ikkita farmon va sakkizta qaror qabul qilindi.
2016 yilda filmlar olish uchun davlat byudjetidan 10 milliard soʻm ajratilgan boʻlsa, joriy yilning oʻzida 218 milliard soʻm berildi.
Davlatimiz rahbari natijada milliy filmlarimizning salmogʻi va sifati oshganini, sohaga oʻnlab xususiy kinostudiyalar kirib kelganini taʼkidladi.





